Braziliyada yakshanba kuni o’tgan prezident saylovlarida Sotsial-liberal partiyadan nomzod Jair Bolsonaru 46 foizdan sal ko’proq ovoz olib, birinchi bosqich g’olibi bo’ldi. O’ng qanot siyosiy harakatning 63 yashar vakili kutilmaganda peshqadamga aylandi.
O’tgan oy Bolsonaruning joniga qasd qilinib, uning o’zi omon qoldi. Sobiq armiya kapitani chiqishlarida mamlakatning o’tmishdagi harbiy diktatorlarini ulug’lab, ayollar, gomoseksualllar, qora tanli odamlar va tub aholini haqorat qilgan. U politsiya ustidan nazoratni yumshatish bilan jinoyatchilikka barham berishga va’da berdi.
Uning raqibi so’lchi Fernandu Addad San-Paulo shahrining sobiq hokimi bo’lib, saylovlarda salkam 30 foiz ovoz to’plagan.
Sud sobiq prezident Luis Inasio Lula da Silvaga saylovda qatnashishni man qilganidan so’ng Addad Ishchilar partiyasidan asosiy nomzod bo’ldi. Lula da Silva korrupsiyada aybdor topilib, aprel oyida 12 yilga qamalgan.
Saylovlarning ikkinchi bosqichi 28-oktabr kuni bo’lib o’tadi.