Markaziy razvedka rahbari: "Islomiy davlat" zarba yemoqda, lekin bu kam

  • Amerika Ovozi

Jon Brennan, AQSh Markaziy razvedka agentligi rahbari

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan Nyu-Yorkda so'zlar ekan, "Islomiy davlat" haqiqatdan ham kuchli qurollangan va moliyalangan terror tizimi, dedi.

Ammo uni yo'q qilsa bo'ladi, deydi Brennan.

"Agar bu guruhni hozirdan qattiq nishonga olmasak, ular nafaqat Iroq va Suriyaga, balki atrofdagi davlatlarga, butun mintaqaga tahdid sola boshlaydi. Ular Amerika va uning hamkorlariga ham hamla qilmaydi deb kafolat bera olmaymiz. Guruhni bir kechada yo'q qilish mumkin emas, lekin muntazam operatsiyalar orqali uni holdan toydirish, parchalab tashlash mumkin",- deydi Markaziy razvedka agentligi direktori.

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya olib borayotgan havo hujumlari "Islomiy davlat"ga ancha zarba berdi, ayrim qismlarni yo'q qildi, buni isbotlovchi dalillar bor, deydi Brennan. Lekin terror tizimi hamon faol va vahshiyliklarni davom ettirmoqda.

Ayni damda Iroq harbiy kuchlari Tikrit shahrini "Islomiy davlat" dan tortib olish uchun kurash olib bormoqda. Bugun-erta bunga erishiladi, deydi Bag'dod rasmiylari.