Ertaga Britaniyaning Yevropa Ittifoqidagi taqdiri hal bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibida qoladimi, yo’qmi? Ertangi referendumda bu savolga javob olamiz. Omma fikri ikkiga bo’lingan, ayniqsa, immigratsiya va iqtisod borasida. O’tgan hafta qonunchi ayol ko’chada o'ldirib ketilishi ortidan targ’ibot kampaniyasi vaqtincha to’xtatilgan edi.

Yevopa Ittifoqining ikkinchi eng yirik iqtisodiyoti Britaniya uchun mavhum damlar. Referendumga ko’p narsa tikilgan.

28 a’zoli blokni tark etsak, milliy valyuta - funt sterling qiymati 15 foizga pasayadi, degan ogohlantirishlar yangramoqda. Bosh vazir Deyvid Kameron ham ishdan ketishi mumkin. U vatandoshlarini ittifoqda qolish uchun ovoz berishga undayapti.

“Agar chiqsak, shuni unutmangki, orqaga qaytish yo’q”, - deydi Kameron.

O’lka taqdirini hal qiluvchi saylov ekan, bir qarorga kelish uchun bizga yetarli ma’lumot berilmadi; bugun kampaniya vahimali hamda balanparvoz gaplardan iborat bo’ldi, deya shikoyat qiladi aksar fuqarolar. Har ikki tomonda vahimali va balandparvoz gaplar.

“Chiqishga ovoz bering” harakati so’nggi oylarda faol ish olib bordi. Britaniya ittifoqda qolsa, muhojirlar yopirilib keladi, chegara nazoratini allaqachon Yevropaga berib qo’yganmiz, deydi ular.

“Yo’q deyish huquqini olib qo’yishdi bizdan. Kimda Yevropa pasporti bo’lsa, ularga mamlakatimiz eshigi lang ochiq, hatto jinoyatchi bo’lsa ham”, - deydi faollardan biri Tom Xarbud. U, shuningdek, kelgindilar sabab Britaniyada ish o’rinlari kamayib ketganini aytadi.

Britaniya ittifoqda qolishi kerak deb targ’ibot olib borgan parlament a’zosi Jo Koksning o’ldirilishi ketidan bahslar biroz tinchigandek. So’nggi ommaviy so’rovlar Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish tarafdorlari ko’payganini ko’rsatmoqda.