Yevropa Ittifoqi ilk bor Britaniya ishtirokisiz majlis o'tkazdi

  • Amerika Ovozi

Fransiya Prezidenti Fransua Olland va Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron

Yevropa Ittifoqi yetakchilari so’nggi 40 yilda ilk marotaba Britaniya ishtirokisiz majlis qilayapti. Qirollik aholisi yaqinda o’tgan referendumda 28 a’zolik blokni tark etish uchun ovoz berdi.

Bu jarayonni uzoqqa cho’zmaslik kerak, degan da’vatlar yangramoqda. Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, Britaniya endi fikrini o’zgartira olmaydi.

“Sizga ochig’ini aytay. Referendum natijasini bekor qilib bo’lmaydi. Bu reallikni qanchalik tez tan olsak, shuncha yaxshi. Haqiqatga tik boqib, oldinga qadam tashlaylik”, - deydi Merkel.

Britaniya Yevropa Ittifoqidan ajralganidan so’ng, deydi u, a’zolik bilan keladigan imtiyozlar ham bekor qilinadi. Qirollik Yevropaning umumiy bozoridan foydalanishni davom ettirmoqchi bo’lsa, qit’a bo’ylab erkin harakatlanish tamoyiliga amal qilishga majbur.

Ittifoqdan chiqish uchun ovoz berganlar aynan immigratsiyani, chegara nazoratini katta muammo deb biladi. Ammo Britaniya Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar fuqarolarini o’z hududiga kiritmas ekan, umumiy bozor uning uchun yopiq, deya qayd etmoqda Fransiya va Germaniya.

Saylovchilarni ittifoq tarkibida qolishga ko’ndira olmagan Bosh vazir Deyvid Kameron blok sammitida so’nggi bor ishtirok etdi. U kuzga borib iste’fo beradi va chiqish jarayonini keyingi bosh vazirga qoldirishini aytgan.

Mamlakat ittifoqdan chiqishi haqida hali rasman ariza bergani yo'q.