Britaniya Oliy sudi migrantlarni Ruandaga yuborish rejasini noqonuniy deb topdi

  • Amerika Ovozi

Britaniyaga kelayotgan migrantlar

Britaniyada yuqori sud hukumatning siyosiy boshpanaga da’vogarlarni Ruandaga yuborish siyosatini noqonuniy deb topdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 16-noyabr, 2023-yil

La-Mansh bo’g’ozi orqali Britaniyaga qayiqlarda o’tayotgan migrantlar oqimini kamaytirish maqsadida o’tgan yil aprelida London Ruanda hukumati bilan kelishib, migrantlar arizalari ko’rib chiqilgunga qadar ularni Afrikaga jo’natishga qaror qilgan edi. Britaniya buning evaziga Ruandaga 150 million dollar taklif qilgan.

Qochqinlarni 2022-yil iyunidan Ruandaga jo’natish boshlanishi kerak edi, biroq Yevropaning inson huquqlari bo’yicha sudi Britaniya hukumatining ushbu qaroriga to’siq qo’ydi. Shundan so’ng ish Britaniya Oliy sudiga oshirildi.

“Siyosiy boshpanaga da’vogarlar Ruandaga yuborilsa, u yerdan haydalish xavfi bilan yuzlashishi mumkin degan jiddiy asos bor”, - dedi sud raisi Robert Rid.

Ya’ni britan bosh sudyasiga ko’ra, Ruanda ularni o’z mamlakatlariga qaytarib yuborishi mumkin, bu esa Britaniya imzosini qo’ygan Yevropaning inson huquqlari konvensiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarga ziddir.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissariati London sudiga Ruanda o’tmishda ana shunday amaliyotga qo’l urganini isbotlovchi dalillarni taqdim etgan.

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Ruanda bilan yangi kelishuv imzolashga harakat qilishini aytdi.

“Unda Birlashgan Qirollikdan ko’chirilganlar Ruandadan haydalmasligi uchun qonuniy kafolatlar bitiladi”, - dedi u.

Sunak Britaniya Yevropaning Inson huquqlari bo’yicha konvensiyasidan chiqishi mumkinligiga ham ishora qildi.

“Xorijiy sud qarorlarimizga g’ov bo’lishiga yo’l qo’ymasligimni hammaga bildirmoqchiman”, - dedi bosh vazir.

O’tgan yili 45700 dan ortiq migrant La-Mansh orqali Britaniyaga o’tgan – rekord ko’rsatkich.

Siyosiy boshpanaga da’vogarlar hujjatlarini uchinchi mamlakatlarda ko’rib chiqish g’oyasiga Yevropadagi bir necha davlat ijobiy munosabat bildirgan. Masalan, Italiya Albaniyada ular uchun lagerlar qurib, kelasi yil boshidan boshlab hujjatlarini o’sha yerda ko’rib chiqmoqchi.

Yevropa Ittifoqi Italiyaning rejasi tashkilot qoidalariga xilof emasligini bildirmoqda.