Britaniya samolyotlari Suriyada "Islomiy davlat" ketidan josuslik qiladi

  • Amerika Ovozi

Britaniya Suriyada "Islomiy davlat" jangarilari haqida ma'lumot to'plash uchun yaqin orada samolyotlari yordamida havodan kuzatuv olib bora boshlashi haqida ma'lum qildi.

Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fallonning aytishicha, kuzatuv parvozlari paytida qurol ishlatilmaydi.

Britaniya harbiy-havo kuchlari shu kungacha Iroqda "Islomiy davlat" pozitsiyalarini 40 bor nishonga olgan, biroq AQSh va ayrim arab davlatlaridan farqli o'laroq Suriyadagi jangovar amaliyotlarda ishtirok etmayapti. Hukumatga ko'ra, parlament avval bunga ruxsat berishi kerak.

Bu o'rtada Suriya shimolidagi Kobani shahri uchun kurd jangarilari va jihodchilar o'rtasida murosasiz janglar davom etmoqda. Xalqaro koalitsiya kurdlarga havodan madad bermoqda.

Kecha tunda AQSh yuk samolyotlari Kobanida jang qilayotgan kurdlar uchun havodan qurol va o'q-dori tashlagan. Turkiya Kobani shahrida islomiy jangarilarga qarshi kurashda ishtirok etish uchun iroqlik kurdlarga Suriyaga o'tishda yordam berayotganini bildirmoqda.