Birma prezidenti 47 yilda ilk bor Oq uyda

  • Amerika Ovozi

Birma prezidenti Teyn Sheyn "Amerika Ovozi"da, 19-may, 2013-yil

So’nggi salkam 50 yilda ilk bor Birma rahbari Oq uyda AQSh prezidenti qabulida bo’ladi. Sobiq general Teyn Sheyn prezident Barak Obama bilan o’z mamlakatidagi siyosiy islohotlar hamda AQSh bilan hamkorlik xususida fikr almashadi. Biroq inson huquqlari tashkilotlari va ayrim siyosatchilar nazarida Birmada musulmonlarga qarshi zug’um davom etar, inson huquqlari hamon buzilar ekan, Oq uy uni Vashingtonga taklif etishda bir oz shoshgan.

Kecha Birma rahbari “Amerika Ovozi”da bo’lib, o’z mamlakatida ozchilikdagi musulmonlarga qarshi zo’ravonliklarni jinoyat deya qoraladi, politsiyaning vakolatini suiiste’mol qilganini tan oldi.

"Demokratiya ildiz otar ekan, namoyishchilar ham, huquq-tartibot organlari ham mas’uliyatli bo’lishi kerak", - dedi sobiq general.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotiga ko’ra, Birmada musulmonlarga nisbatan etnik tozalashlar bo’lmoqda, aksariyati fuqarolik va boshqa huquqlardan mahrum. Harbiylar zo’ravonlikka barham berish o’rniga o’zlari unda ishtirok etmoqda, deyiladi guruhning yaqinda chiqqan hisobotida.