Vashingtonda AQSh va Markaziy Osiyo rasmiylari uchrashuvi boshlandi

  • Amerika Ovozi

Vashingtondagi C5+1 yig'ini ishtirokchilari

Bugun 3-avgust kuni Vashingtonda AQSh va Markaziy Osiyoning besh respublikasidan tashqi ishlar vazirlari muloqot qilmoqda. C5+1 deb nomlangan dialog o’tgan yili Samarqandda boshlangan edi.

Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, atrof-muhit va iqlim o'zgarishi hamda insonparvarlik yordami mavzulariga alohida e'tibor qaratiladi. Rasmiylar 2015-yil noyabrda Samarqanddagi vazirlar yig'inida kelishib olingan besh loyiha istiqbolini ham muhokama qiladi. Bular savdo, transport, ekologiya va iqlim, madaniy hamkorlik hamda islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan dasturlarni o'z ichiga oladi.

C5+1 yig'ini bo'lib o'tadigan xona

Yig'inning jurnalistlar uchun ochiq bo'lgan birinchi qismida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri uchrashuvni ochib, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan muhokama qilinadigan muhim mavzularga to'xtalib o'tdi. U o'tgan yili Samarqandda boshlangan C5+1 anjumani va unda qabul qilingan loyihalar rejasi yuzasidan batafsil gaplashilishini ma'lum qildi.

Shundan so'ng tashqi ishlar vazirlari birma-bir so'z olib, AQSh va mintaqa o'rtasidagi hamkorlikning ahamiyati hamda bu borada qilinishi lozim bo'lgan yangi ishlar yuzasidan fikr bildirdi.

Ayni paytda tomonlar yopiq eshiklar ortida muhokamani davom ettirmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilning kuzida mintaqaga safar qilib, prezidentlar va vazirlar bilan uchrashgan. Kerri o’shanda xavfsizlik, iqtisod, inson huquqlari va islohotlar qatorida mintaqaviy birdamlik, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo orasidagi rishtalarni kuchaytirish yuzasidan mintaqa rahbarlari bilan fikr almashgan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Vashingtonda C5+1 yig'ini boshlanish arafasida