Xalqaro hisobot: 20 yilda saraton quturishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Dunyoda saraton turlari qayerda kuchli tarqalganini ko'rsatuvchi xarita

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko’ra, kelasi 20 yilda rak bilan kasallanganlar soni 57 foizga oshishi kutilmoqda.

Hozir dunyoda yiliga 14 million odam saratonga chalinadi. 20 yildan keyin esa bu raqam 22 millionga ko’tariladi. Kasallikdan o’lim hollari esa bu davr mobaynida yiliga 8,2 milliondan 13 milliongacha oshadi, deyiladi hisobotda.

Unga ko’ra, jahon aholisining qarib borayotgani bunga asosiy sabab. Izlanish mualliflari davlatlarni sog’liqni saqlashga qaratilgan siyosatini kuchaytirishga chaqiradi. Xususan, chekishga qarshi kurash, spirtli ichimliklar va tarkibida ko’p miqdorda shakar mavjud mahsulotlar iste’molini kamaytirish, tez-tez tibbiy ko’rikdan o’tish rakning oldini oluvchi choralar qatoriga kiradi.

Jahon saraton hisoboti besh yilda bir marta tayyorlanadi. Izlanishda 40 dan ortiq mamlakatdan 250 olim ishtirok etgan.