Markaziy Afrika Respublikasida amaldagi rahbar qayta saylandi

  • Amerika Ovozi

Markaziy Afrika Respublikasi Prezidenti Fosten-Arkanj Tuadera muxbirlar qurshovida

Markaziy Afrika Respublikasida o’tgan prezident saylovida amaldagi rahbar Fosten-Arkanj Tuadera qayta saylanishga muvaffaq bo’ldi. Saylov komissiyasiga ko’ra, 63 yashar g’olib salkam 54 foiz ovoz to’plagan, demak ikkinchi bosqichga hojat yo’q.

27-dekabr saylovlari mamlakat uchun qiyin vaziyatda o’tdi. Sobiq prezident Fransua Bozize nomzodini qo’yish imkonidan mahrum bo’lishi ketidan isyonchilar bir necha shaharga hujum qildi, ayrim joylarda ovoz berishga imkon berishmadi.

“Hokimiyatni qo’lga olish uchun qurolni ishga solish shart emas. Tuadera so’nggi 5 yilda mamlakatimiz uchun ko’p foydali ishlar qildi. U g’alaba qozongani tabiiydir”, - deydi g’olib tarafdorlaridan biri.

Konstitutsion sud Bozizeni saylovga yaqinlatmaganiga sabab shuki, sobiq rahbar prezidentligi paytida qiynoqlar va qotilliklarni amalga oshirishni buyurganlikda ayblanmoqda.

Sud uni hibsga olishga qaror chiqargan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham Bozizeni qora ro’yxatga kiritgan.

Sobiq prezidentning saylovni izdan chiqarishga qaratilgan isyonga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Bozize 2013-yilda isyon natijasida hokimiyatdan ag’darilib, qo’shni Kongo Demokratik Respublikasiga qochgan edi. Shundan uch yil o’tib Tuadera hokimiyatga keldi, biroq qurollangan to’dalarga barham bera olmadi.