AQSh Yevropaning olti davlatida 250 ta tank joylashtiradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Tallinda, 23-iyun, 2015-yil

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter bugun Bryusselda NATOga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashgan. Rasmiylar Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari haqida gaplashgan.

NATOning da'vo qilishicha, Rossiya Ukraina sharqidagi isyonchilarni qurol va askar bilan ta'minlab turibdi. Kreml bu ayblovlarni inkor etib, dalil keltirishni so'rab keladi.

Karter bir haftalik Yevropa safariga chiqqan. NATO vazirlari bilan ertaga ham uchrashuvlar bor.

Kecha Karter Tallinda bo'lib, Rossiyaga dushman bo'lishni istamaymiz, ammo zarur bo'lsa, ittifoqchilarni himoya qilishga tayyormiz, degan.

Qo'shma Shtatlar Sharqiy Yevropaning olti davlatida 250 ta tank va boshqa og'ir qurollar joylashtirmoqchi. Estoniya, Latviya, Litva, Bolgariya, Ruminiya va Polsha rozi. AQSh bu mamlakatlar qurolli kuchlari bilan harbiy mashqlar o'tkazishni ham rejalamoqda. Bundan tashqari Qo'shma Shtatlar kiber mudofaa bobida ham tajriba almashadi.

NATOning chegaralari tomon kengayayotganidan tashvish bildirib kelayotgan Rossiya ASQhning bu rejasiga javoban joriy yilda yadro arsenalini 40 dan ziyod qit'alararo ballistik raketalar bilan to'ldiradi, dedi Prezident Vladimir Putin.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, alyans tezkor qo'shinlar sonini 13 mingdan 30-40 minggacha ko'paytirmoqchi.