Dik Cheynining xotiralari bitilgan kitob nashrdan chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq vitse-prezidenti Dik Cheyni

AQSh sobiq vitse-prezidenti Dik Cheynining xotiralari bitilgan kitob kelasi hafta nashrdan chiqadi.

Kitobning bir nusxasini qo'lga kiritgan "Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Cheyni 2007-yilda sobiq prezident Jorj Bushni Suriyadagi yadro reaktorlarini bombardimon qilishga undagan. Ammo Bush va uning maslahatchilari diplomatiyani harbiy choradan ustun qo'yib, vitse-prezident taklifini rad etgan. Sal o'tmay esa Isroil Suriya inshootlarini nishonga olgan.

Cheyni o'z memuarlarida u bilan Bush ma'muriyatida ishlagan bir necha arbobni tanqid qiladi. Xususan sobiq Davlat kotibi Kolin Pauellni. Iroqqa qarshi urushning tarafdorlaridan bo'lgan Cheynining aytishicha, general prezidentni harbiy harakatlardan qaytarmoqchi bo'lgan. Pauellning 2004-yilda iste'fo bergani yaxshi bo'ldi, deb yozadi Cheyni. Sobiq vitse-prezident keyingi davlat kotibi Kondoliza Raysni Shimoliy Koreya yadro dasturiga nisbatan soddalikda ayblaydi.

Cheyni Iroqqa qarshi urushni boshlashga yetarlicha sabab bo'lmaganini tan oladi. Yuragi xasta arbobning aytishicha, u har ehtimolga qarshi iste'foga chiqish haqida arizani tayyorlab seyfda saqlagan.