Xitoy Gonkongda xavfsizlikka doir qonun joriy etmoqchi

  • Amerika Ovozi

Qonun loyihasiga qarshi norozilik namoyishlari

Xitoy xavfsizlikka doir qonunni Gonkongga o’tkazishga harakat qilmoqda. Yarim muxtor hududning muxolif qonunchilari va aholisi bundan norozi. Ushbu qonunda bo’lginchilik, Xitoydagi hukumatni yemirish taqiqlanadi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Pekinning bu qadami Gonkongda siyosiy erkinliklarga chek qo’yishini aytib, uni qoraladi.

Gonkongning muxolif qonunchilari va faollari hujjat nafaqat erkinliklarni, balki Gonkongni tugatishini aytadi.

“Gonkong fuqarolari uchun xavotirdaman. Xitoyning kommunistik ekanini, Kommunistik partiya tomonidan boshqarilishini unutmaylik. Asosiy huquqlardan mahrum qilmoqchi”, - dedi respublikachi senator Rik Skot.

Davlat departamenti so’zlovchisi Morgan Ortagusning aytishicha, Xitoy xalqaro tartib qoidalariga ko’ra yashashdan bosh tortmoqda.

“O’zaro hamkorlik uchun mushtarak yo’nalishlarni topishga qanchalik harakat qilmaylik, Xitoy Kommunistik partiyasi va raisi faqat kuchni tushunadi. AQShda bunday kuch bor. Agar Xitoy dunyo hamjamiyati oldidagi majburiyatlarini buzmoqchi bo’lsa, unga qarshi turishga tayyormiz”, - dedi u.

Gonkongning Xitoyga xayrixoh rahbari Kerri Lamning aytishicha, taklif etilayotgan hujjat Gonkong xavfsizligini yaxshilaydi va uning hukumati bu qonunni qo’llab-quvvatlaydi.