Xalqaro Amnistiya: Shinjon fojiasidan uch yil o’tib ham bosim to’xtamagan

  • Amerika Ovozi
Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkilotiga ko’ra, bundan uch yil oldin Xitoyning Shinjon Uyg’ur muxtoriyatida bo’lib o’tgan qonli to’qnashuvlar haqida og’iz ochgan faollar ta’qib ostiga olinmoqda.

2009-yilgi ommaviy namoyishlarda salkam 200 kishi halok bo’lgan, nom-nishonsiz ketgan yuzlab uyg’urlar panjara ortida saqlanmoqda, deydi huquq faollari.

Xalqaro Amnistiyaning yangi hisobotida aytilishicha, yaqinlari va oila a’zolari haqida so’rab-surishtirishga harakat qilayotganlar xavfsizlik xizmatlari bosimiga duch kelayotir. Aholi o’sha voqealardan beri qo’rquvda.

2009-yilning iyulida Urumchida uyg’urlar va xitoylar to’qnashib, politsiya yuzlab odamni hibsga olgan edi. Sud va tergovlar ketidan o’nlab fuqaroga o’lim jazosi berilgan, askariyati uyg’urlar.

Xitoy hukumati xavfsizlikni ta’minlashga ikki karra ko’proq mablag’ sarflamoqda, ko’chalarda 40 ming kuzatuv kameralari o’rnatilgan.

Shinjon mintaqasidagi og’ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvol tartibsizliklarga yetaklagan sabablardan biri. Uyg’ur yetakchilar, shuningdek, Xitoy hukumatini madaniy genotsidda, regionni xitoylashtirib, ularni tarixi va tilidan ayirmoqchi ekanlikda ayblaydi.