AQSh: Xitoy qo'shnilarga nisbatan agressiv

  • Amerika Ovozi
Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Xitoy o’z neft platformasini talash hududga ko’chirganidan juda xavotirda.
Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Xitoy o’z neft platformasini talash hududga ko’chirganidan juda xavotirda.

Platforma yaqinda Janubiy Xitoy dengizida Xitoy va Vyetnam o’rtasida bahsga sabab bo’layotgan, tabiiy zaxiraga boy hududga ko’chgan.

Amerika bosh diplomati buni provokatsiya deya ta’riflayapti. Vyetnam ham norozi va kuni-kecha Xitoy kemalari bilan o’sha atrofda o’q almashib olgan.

Jon Kerri Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan telefonda gaplashib, mavzuni ko’targan va Pekinni agressiyada ayblagan.

Bunga javoban, Van Yi Kerrini ehtiyot bo’lib gapirishga va harakat qilishga, masalaga xolisona yondashishga undagan. Xitoyning ta’kidlashicha, mintaqada provokatsiya kuzatilayotgani aniq, biroq bunda Pekinni ayblash to’g’ri emas.

Kommunistik mamlakat nazarida talash hududlar masalasini faqat regiondagi mamlakatlar o’zaro muhokama qilishi kerak va Amerikaning aralashishi o’rinsiz.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizini deyarli butunlay o’zini deya da’vo qiladi. Holbuki, Vyetnam, Filippin, Tayvan, Malayziya va Bruney ham dengizga haqqi bor ekanini ta’kidlaydi.

Xitoy armiyasi rahbari Fan Fenguy AQShga safarini boshlar ekan, mavzu yana ko’tarilishi aniq. Xitoy matbuoti nazarida bu tashrif ikki davlat harbiy jabhada hamkorlikni oshirishga moyil ekanidan ham dalolat beradi.