Texnologik kompaniyalar qayta tiklanuvchi quvvat manbalariga tayanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda amaldagi hukumat global iliqlashuv muammo ekanini tan olmaydi, biror chora ko’rmaydi, ammo yirik kompaniyalar tashabbusni qo’lga olmoqda.

Bularni internetning miyasi deyishadi - data-sentrlar deb atalmish kompyuter omborxonalari. Internetda ochiladigan fayllarning barchasi shu kabi serverlarda saqlanadi.

“Hozir Shimoliy Virjiniyadamiz. Dunyodagi eng yirik data-sentrlar shu yerda joylashgan”, - deydi "Dominion Energy" energetika kompaniyasi vakili Stan Blekvel.

Kompaniya bir necha shtatni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Bunday markazlar katta sonda aynan Virjiniya shimolida joylashgan. Har bir markaz, deydi Blekvel, taxminan 30 ming kilovatt energiya sarflaydi.

“Malasan, o’rtacha uy to’rt kilovatt elektr iste’mol qiladi”, - deydi u.

Energiyaga tashna yirik binolarga, jumladan, “Facebook”, “Microsoft” va “Google” egalik qiladi. Bu kompaniyalar barcha zarur energiyani qayta tiklanuvchi manbalardan olishni rejalamoqda.

“Biz qurayotgan narsalar ijobiy meros qoldirishi, qazilma yoqilg’iga asoslanmasligi kerak. Shamol, gidroenergiya va quyoshga asoslangan keyingi avlod texnologiyalaridan foydalanishimiz lozim”, - deydi "Microsoft" vakili Brayan Janus.

Kompaniyalar sekin-asta bunga erishyapti ham. “Facebook” Virjiniyada yangi data-sentrlar qurar ekan, quvvatni “Dominion Energy” korxonasi orqali quyosh fermalaridan olishini bildirmoqda.

“Facebook” bu o’zgarishlarga o’zi yetakchilik qilyapti. Kelishuvdan bizning mijozlar ham foyda ko’radi”, - deydi “Dominion Energy” vakili Stan Blekvel.

Qayta tiklanuvchi energiya kompaniyalarga qimmatga tushar edi. Ammo so’nggi yillarda shamol va quyoshdan quvvat olish narxi ancha arzonlashgan.

“Dominion Energy” kompaniyasi talabni qondirish uchun gaz elektr stansiyalari qurishni taklif etganida, “Microsoft”, “Amazon”, “Apple” va yana yetti kompaniya mahalliy hukumatlarga yozib, qarshiligini bildirdi.

“Kommunal korxonalar taklif etayotgan eski uslubdagi elektr stansiyalar atigi bir necha yildan keyin o’zini qoplay olmay qoladi. Chunki shamol va quyosh energiyasi hamda batareyalar arzonlashib borayapti”, - deydi Janus.

Blekvel deydiki, uning kompaniyasi elektr energiyasini turli xil manbalardan olishni istaydi.

“Nazariy jihatdan, arzon batareyalar va quyosh bir kun kelib gaz o’rnini egallashi mumkin. Ammo u kunlarga hali yetib kelmadik”.

AQSh bo’ylab ko’plab kompaniyalar mahalliy hukumatlardan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yetkazib berishni talab qilmoqda. Aks holda, ular bizneslarini boshqa shtatlarga ko’chiradi. Alabamada shunday bo’ldi.

“Alabama shtatida quyosh panellarining ishga tushishiga “Walmart” do’konlar majmuasining talabi sabab bo’ldi”, - deydi shtat rasmiysi Jeremi Oden.

Hukumatlar iqlim o’zgarishiga qarshi kurashni prioritet deb belgilamas ekan, xususiy sektor tashabbusni qo’lga olmoqda.