Iqlim o'zgarishining insoniyatga ta'siri qanday?

  • Amerika Ovozi

“Katta Yigirmalik” sammiti ketidan dunyo rahbarlari kelasi hafta Shotlandiyaning Glazgo shahrida iqlim o’zgarishiga doir xalqaro anjumanda ham qatnashadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 29-oktabr, 2021-yil

2015-yilda bo’lgan Parij sammitida rahbarlar global isishni sanoatdan oldingi holatdan 1,5 darajadan oshirmaslikka va’da bergan edi. Biroq siyosat berilgan va’dalarni aks ettirmayapti, deyiladi BMTning seshanba kuni chop etilgan maxsus hisobotida.

Unga ko’ra, bu maqsadga erishish uchun mamlakatlar zararli gazlar chiqindisini 2030-yilgacha 55 foizga kamaytirishi kerak, biroq yangilangan rejada ushbu marra 7,5 foiz deb belgilangan, xolos.

“Iqlim o’zgarishi asoratlariga qarshi kurashda yordamga doir ko’p gaplar bo’ldi, biroq konkret qadamlar qo’yilgani yo’q. Natijada global isish darajasi 1,5-2 darajada turish o’rniga 2,5-3 darajaga chiqishi kutilmoqda”, - deydi Jahon metereologiya tashkiloti bosh kotibi Petteri Taalas.

Buning sayyoramiz va insoniyat uchun ta’siri qanday bo’ladi? Olimlarga ko’ra, iqlim o’zgarishi issiq to’lqinlar chastotasi va shiddatini allaqachon oshirgan.

Ayrim bashoratlarga ko’ra, asr boshidan beri dunyo bo’ylab issiqlik bilan bog’liq holatlardan o’lish sur’ati qariyalar orasida salkam 54 foizga oshib, 2018-yilda 296 mingga yetgan.

“Issiq to’lqinlardan 400 millionga yaqin odam tashqarida ishlash imkoniyatidan mahrum bo’lishi kutilmoqda”, - deydi hisobotni tayyorlagan “Chatxem uyi” tashkiloti olimi Daniel Kviggin.

Issiq to’lqinlar va qurg’oqchiliklar oziq-ovqat xavfsizligiga ham ta’sir qiladi. Hosillarning nobud bo’lishi hamda zararkunandalar va kasalliklarning ko’payishi narx oshishiga sabab bo’ladi. O’tgan yili Sharqiy Afrika chigirtka vabosi qurboni bo’lgan.

“Kelasi 30 yilda sayyora aholisi sonining o’sishi natijasida oziq-ovqatga talab taxminan 50 foizga oshadi, Xitoy va Janubi-sharqiy Osiyoda go’sht iste’moli kuchayadi. Ammo shu bilan bir paytda hosil taxminan 30 foizga kamayadi”, - deydi Kviggin.

Iliqroq harorat tropik dovullar va toshqinlarning ko’payishiga olib keladi. Muzliklarning erishi uzoq muddatda dengiz sathining oshishiga yetaklab, suv bo’yidagi shaharlar xavf ostida qoladi.

Ob-havoning keskin o’zgarishi qurg’oqchilikning kuchayishi va uzoqroq davom etishiga ham sabab bo’ladi. Olimlarga ko’ra, boy davlatlar 2015-yilda bergan va’dasiga vafo qilib, kambag’al mamlakatlarga iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda moliyaviy yordam berishi kerak.

“Qurg’oqchilik, issiq to’lqinlar, ob-havoning keskin o’zgarishi migratsiya, oziq-ovqat kamomadi, zararkunandalar va kasalliklarning ko’payishiga olib keladi. Iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga va’da qilingan yillik 100 milliard dollardan boy davlatlar ham manfaat ko’radi, biroq va’dalar hozircha quruqligicha qolmoqda”, - deydi olim Kviggin.