Parijda global iqlimdagi o'zgarishlarga doir anjuman ish boshladi

  • Amerika Ovozi

Global iqlim bo'yicha xalqaro anjuman, Parij, 30-noyabr, 2015

Bugun Parijda global iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga doir yirik xalqaro anjuman ish boshladi. AQSh Prezidenti Barak Obama unda nutq so'zlab, davlatlar rahbarlarini atmosferaga zararli gazlar chiqindisini kamaytirishga chaqirdi, AQShning bu boradagi yutuqlari bilan o'rtoqlashdi.

"Maqsadimiz uzoq muddatli strategiya tayyorlab, atmosfera tozaligini ta'minlashdir", - dedi Obama.

Unga ko'ra, har bir davlat o'zining bu yo'ldagi majburiyatlarini bajarishi, jarayon shaffof bo'lishi kerak.

"Toza energiya manbalariga erishishda rivojlanayotgan mamlakatlarga zarur resurslar bilan yordam berishimiz lozim", - dedi u.

Anjumandan asosiy maqsad havo haroratining ikki foizdan ko'pga oshmasligini ta'minlovchi choralar majmuiga kelishish. Aks holda, deydi mutaxassislar, dunyo fojiali oqibatlarga yuz tutadi.

Shu kungacha 183 mamlakat iqlim o'zgarishiga qarshi uzoq muddatli rejalarini e'lon qilgan.

So'nggi bor bu kabi anjuman 2009-yilda Kopengagenda o'tkazilgan, biroq boy va kambag'al davlatlar o'rtasidagi kelishmovchiliklar bitim qabul qilinishiga halal berdi.

Anjuman tashqarisida Obama Xitoy va Rossiya prezidentlari bilan iqlim o'zgarishi hamda boshqa mavzularda alohida muloqot qildi.

Yaqinda terror xurujlariga uchragan Parij shahrida tadbir oldidan jiddiy xavfsizlik choralari ko'rilgan, anjuman o'tayotgan joy atrofini 2800 politsiyachi va harbiy qo'riqlamoqda, yana 6300 nafari Parijning boshqa joylarida xavfsizlikni ta'minlamoqda.