Xillari Klinton Pokistonni jangarilarga qarshi dadil kurashga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Kalkuttada, 7-may, 2012-yil

Hindistonga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, qo'shni Pokiston 2008-yil Mumbayda xuruj sodir etgan terror guruhining yetakchisiga qarshi chora ko'rishi lozim.

Klinton bugun Kalkuttada so'zlar ekan, Pokiston o'z vaqtida Hofiz Muhammad Saidni qo'lga olmaganidan norozilik bildirdi. Bu odam tomonidan Pokistonda yaratilgan Lashkari Toiba guruhi Mumbaydagi xurujda 166 odamni o'ldirgan edi, jumladan, olti amerikalikni.

Klintonning aytishicha, al-Qoida rahbari Ayman al-Zavohiriy ham Pokistonda yashirinmoqda. AQSh davlat kotibasi Hindistondagi muzokaralari chog'ida Eron nefti importi hajmini kamaytirishni so'ragan. Hindiston qoramoy olishni kamaytirgan, ammo Klinton nazarida bu yetarli emas.

Hindiston Erondan neft xarid qilgan davlatlar bankini jazolash haqidagi AQSh qonunini keskin tanqid qilgan. G'arb va Qo'shma Shtatlar bu kabi jazo choralari yordamida Eronni moliyaviy resurslardan ayirib, atom dasturidan qaytarmoqchi.

Al-Qoida o'tgan yili garovga olingan AQSh fuqarosini tasvirga olib, videoni internetga joyladi va prezident Obama guruh talablarini bajarmasa, uni o'ldirishini ma'lum qildi.

70 yashar Uorren Vaynstayn videoda Obamaga qarata "al-Qoida talablarini bajarsangiz, omon qolaman" deb, rafiqasiga "sog'man" deydi.

Al-Qoida rahbari Ayman al-Zavohiriyning aytishicha, Qo'shma Shtatlar musulmon davlatlarda havo hujumlarini bas qilmas ekan, Vaynstayn ozod etilmaydi. Zavohiriy asirdagi al-Qoida va Tolibon jangarilarini qo'yib yuborishni ham talab qiladi.

AQShning konsalting kompaniyasida Pokistondagi bo'limga rahbarlik qilgan Vaynstayn o'tgan yil avgustida Lohurdagi uyidan o'g'irlangan.