Xillari Klinton: Erkin Liviyaga tashrifimdan behad xursandman

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Liviya Milliy muvaqqat kengashi raisi Mustafo Abdul-Jalil bilan Tripolida uchrashmoqda, 18-oktabr, 2011-yil.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton kutilmaganda Liviyaga borgan. Poytaxt Tripolida Muvaqqat kengash raisi Mustafo Abdul Jalil va muvaqqat hukumatdagi bosh vazir Mahmud Jibril bilan uchrashib, ta'lim va tibbiyot uchun, Liviyaning qadimgi grek va Rim vayronalarini muhofaza qilish uchun arxeologik dasturlarga millionlab dollar va'da qildi.

Eski hukumat ixtiyorida bo'lgan, ammo mojaro paytida yo'qolgan qurollar, xususan raketa otuvchi moslamalarni topib, yo'q qilish uchun ham mablag' ajratiladi. Liviyada mojaro boshlanganidan beri Qo'shma Shtatlar muxolifatga 135 million dollarlik yordam ko'rsatgan.

"Erkin Liviya tuprog'ida turganimdan behad xursandman", - deydi Klinton.

Qohiradagi Ahram tahlil markazi olimi Ziyod Aqlning aytishicha, Liviyada hokimiyatga da'vo qilayotgan kuchlar muvaqqat hukumatni G'arbga haddan tashqari ko'ngil qo'yayotganlikda ayblashi mumkin.

Ammo, deydi tahlilchi, bunga sabab shuki, G'arb davlatlari Muammar Qaddafiyga qarshi kuchlarni boshidan qo'llab-quvvatlagan - ham harbiy, ham siyosiy, ham moddiy tomondan.

Qo'shma Shtatlar yangi hukumatni inson huquqlarini va xususan mahbuslar huquqlarini hurmat qilishga chaqirmoqda.