Kongress byudjetni ma'qulladi, defoltning oldi olindi

  • Amerika Ovozi

Kongress, 16-oktabr, 2013

AQSh Kongressida federal hukumatning byudjeti va davlat qarzi yuzasidan kelishuvga erishildi va bu boradagi hujjat har ikki palatada ovozdan o'tdi.

Yangi qonun 15-yanvargacha hukumatni mablag' bilan ta'minlaydi. Shuningdek, mamlakatning qarz olishiga qo'yilgan cheklov ham 7-fevralgacha ko'tariladigan bo'ldi.

Aks holda Amerika defoltga uchragan, ya'ni moliyaviy majburiyatlarni bajara olmagan va bu nafaqat AQSh balki global tizimni qaqshatgan bo'lar edi. Jahondagi eng yirik iqtisodiy tizim ekan, Qo'shma Shtatlar milliy puli dollar xalqaro valyutadir va Xitoy, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarning moliyaviy taqdiri un bilan bog'liq.

100 senatordan 81 nafari "ha" deb ovoz bergan. 18 nafari qarshi chiqqan. Loyiha Vakillar palatasi tasdig'idan o'tib, prezident Barak Obama unga imzo chekdi.

Quyi palata spikeri, respublikachilar lideri Jon Beyner deydiki, uning partiyasi mamlakat iqtisodiyotini o'ylab, bu qonunning qabul qilinishiga rozi bo'ldi.

"Ammo biz o'z qarashlarimizdan voz kechganimiz yo'q; prezidentga o'z talablarimizni aytishda davom etamiz", - deydi u.

Prezident Obama Kongress qarorini olqislab, hukumat 17-oktabrdan to'liq ishga qaytadi, dedi.

Respublikachilar sog'liqni saqlash tizimi islohotiga oid yangi qonun, prezident Obama olg'a surgan tashabbus amaliyoti uchun mablag' ajratishdan bosh tortgani bois byudjet o'z vaqtida qabul qilinmadi. Natijada davlat 16 kun davomida ishdan to'xtab qoldi. Bir millionga yaqin xodim majburiy, bepul ta'tilga chiqdi, idora va xizmatlar yopiq turdi.

Moliyaviy yil Amerikada 1-oktabrdan boshlanadi. Bugungi kelishuv vaqtincha. 2014-yilning boshida Kongress xarajatlarni yana ko'rib chiqishi va tobora o'sib borayotgan kamomadni qisqaritish yo'llarini topishi lozim.