Janubiy Karolina gubernatori: Guantanamodagi mahbuslar shtatga kerakmas

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Guantanamo qamog'idagi mahbuslar qayga boradi?

Barak Obama prezidentlikdan ketishiga sakkiz oy qolganda sakkiz yil oldin saylov paytida bergan va’dasining ustidan chiqishga harakat qilmoqda.

AQSh Kongressi Vakillar palatasining Ichki xavfsizlik qo’mitasida o’tgan tinglovda Amerikaning Kubadagi Guantanamo qamoqxonasidan mahbuslarni AQShga ko’chirish masalasi muhokama etildi.

Janubiy Karolina gubernatori Nikki Xeylining qonunchilarga aytishicha, prezident va federal hukumat rasmiylari mahbuslarni uning shtatiga ko’chirish rejasi xususida gubernatorni xabardor qilmagan. Shtat hokimasi bunga qarshi ekanini va chora ko’rishini aytdi.

AQShning Guantanamo qamoqxonasida eng ko’p mahbus 800 nafar atrofida bo’lgan. Ular terrorchilikda gumon qilinib qamalgan, ammo aksariyatiga rasmiy ayblov qo’yilmagan. Bugunga kelib 80 nafari qolgan.

Prezident Obama qamoqxonani bo’shatib, yoptirmoqchi. Biroq Kongress mahbuslarning AQShga ko’chirilishiga qarshi. Jumladan, respublikachi-kongressmen Skott Perri.

“Amerika xalqi Guantanamodagi terrorchilarning mahallasi yoki ko’chasidagi maktabi yonida joylashgan hibsxonalarda saqlanishini istamaydi”, - deydi u.

Mahbuslarning bir qismi Charlstondagi harbiy-dengiz flotiga qarashli qamoqxonaga keltirilishi mumkin. Kongressdagi tinglovda qatnashgan Janubiy Karolina shtati gubernatori Nikki Xeylining aytishicha, o’tgan yili Charlstondagi cherkovda ro’y bergan qatliomdan so’ng bu haqda hech kim eshitishni istamaydi.

“O’tgan yozda Charlston xalqi adovatning ko’ziga tik boqdi. Haqiqiy adovat nima ekanini va qanday vahima solishini bilamiz. Uni yana ko’rishni istamaymiz, boshqa shtatlarga ham buni ravo ko’rmaymiz. Terrorchilar o’tirgan joyida o’tiraversin, ularni shtatimga olib kelmanglar”, - dedi Xeyli.

Biroq demokrat-qonunchilarning aytishicha, Charlstondagi qatliomga xorijiy terrorchilar qo’l urmagan, bu ishda Dilan Ruf ismli oq tanli nasroniy bosh ayblanuvchi.

Demokrat-kongressmen Benni Tompson gubernatorni savolga tutdi:

“Demak, bu qabih ishga qo’l urgan yigit hozir Charlstonda, shundaymi?” - dedi u.

“Ha”, - deb javob berdi hokima.

“Uni deb Charlstonda xavfsizlik yomonlashdimi?” - deb so'radi Tompson.

“Biz bunga yo’l qo’ymaymiz. Ammo o’sha voqea bizga xavfsizlikka tahdidni doim eslatib turadi”, - dedi gubernator.

Xeyli mahbuslarning Janubiy Karolinaga keltirilishiga qarshi chora ko’rishini aytadi. Tinglovda qatnashgan respublikachilarning aksariyati ham ularni Guantanamodan chiqarmaslikka harakat qilishini bildirdi.