AQSh Senati yangi tibbiy sug'urta dasturini ko'rib chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

Senatda ko'pchilik sardori, respublikachi Mitch Makkonel

Respublikachilar Oq uy va Kongressni nazorat qilayotganiga qaramay, saylov paytida berilgan ba’zi va’dalarining uddasidan chiqishi qiyin kechayapti. Masalan, sobiq Prezident Barak Obama tashabbusi bilan qabul qilingan davlat tibbiy sug’urta dasturini yangilashda jiddiy to’siqlarga uchrashmoqda.

Respublikachilar tayyorlagan yangi sug’urta dasturi Senatda ko’rilishi kerak.

“Qo’l qovushtirib o’tirsak, ko’p odam zarar ko’radi”, - deydi Senatda ko’pchilik sardori, respublikachi Mitch Makkonel.

“Obamakeyr” dasturi majburiy bo’lib, uni sotib olmaganlar jarima to’lardi. Yangi qonun esa bo’lajak ishtirokchilarga soliq imtiyozlarini taklif etmoqda. Respublikachilar yangi dasturdan yo’qsil va nogironlar uchun imtiyozlar paketini kengaytirish rejasini bekor qilmoqchi. Demokratlar so’nggi o’zgarishlardan norozi.

“Yosh va sog’ bo’lsangiz, hammasi yaxshi, keksa, qashshoq yoki bemor bo’lsangiz, barbod bo’ldim deyavering”, - deydi demokrat-senator Meyzi Xirono.

Yangi qonunga nafaqat demokratlar, balki ayrim respublikachilar ham qarshi.

“O’n millionlab amerikaliklarni sug’urtasiz qoldiradigan qonun loyihasiga ovoz bera olmayman”, - dedi senator Din Xeller.

Boshqalari nazarida yangi qonunning eskisidan farqi yo’q.

“Obamakeyr”dagi kamchiliklarni tuzatmaydigan qonun loyihasini qo’llab-quvvatlay olmayman”, - dedi respublikachi Rend Pol.

Loyiha Senatda qabul qilinishi uchun unga qarshi chiqayotgan respublikachilar soni ikkitadan oshmasligi kerak. Agar hujjat o’tmasa, demokratlar “Obamakeyr”dan voz kechish o’rniga uni takomillashtirishni taklif etmoqda.