AQSh Kongressi Eronni yangi sanksiyalar bilan jazolash harakatida yakdil

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi binosi

AQSh Kongressi Vakillar palatasining yetakchi a’zosi Steyni Xoyerning aytishicha, qonunchilar Eronni yangi sanksiyalar bilan jazolash harakatida yakdil.

Demokratlarning quyi palatadagi sardori bu haqda Quddus shahrida so’zlagan. Eron masalasiga kelganda, deydi u, har ikki partiya a’zolari ovoz berishda birdamlik ko’rsatdi.

"236 demokrat va 193 respublikachi Eron ballistik raketa sinovi uchun, inson huquqlarini poymol etayotgani uchun, terrorizmni qo’llab-quvvatlayotgani uchun sanksiyalarni kengaytirishga ovoz berdi. Har ikki partiya bu masalada juda ham birdam”, - dedi kongressmen.

Xoyer bilan Isroilga Vakillar palatasining o’tgan saylovda saylangan 53 a’zosi hamda respublikachilar sardori Kevin Makkarti borgan.

Kongress qabul qilgan qonun loyihasini Prezident Donald Tramp imzoladi. Unda Eron ballistik raketa dasturi ustida ishlayotgan va ularga yordam berayotgan shaxslarga sanksiyalar qo’yiladi.