Kongress vizasiz qatnovni cheklamoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressining Vakillar palatasida so'nggi besh yilda Suriya, Iroq va tashvishga molik boshqa mamlakatlarga borgan odamlarga Amerika vizasini olishni taqiqlovchi qonun loyihasi bir ovozdan ma'qullandi.

Qonunchilar Amerikaga vizasiz kirishga imkon beruvchi dasturga o'zgartirishlar kiritmoqchi. Bu dasturga ko'ra, 38 mamlakat fuqarolari Amerikaga kelib, 90 kungacha vizasiz yashashi mumkin.

Kecha qabul qilingan qonun ushbu dastur orqali viza imtiyozlariga ega mamlakatlardan Amerikaga safar qilayotgan fuqarolariga doir ma'lumotlarni Interpol axborot bazasi orqali ularning terrorizm yoki boshqa jinoiy ishlar yuzasidan qidiruvda bor-yo'qligini tekshirishni talab qiladi.

Pasportlarning soxtalashtirilishiga yo'l qo'ymaslik uchun bu 38 mamlakat barmoq izlari tushirilgan elektron pasportlarini joriy etishi zarur bo'ladi.

Qonun kuchga kirishi uchun uni Senat ma'qullashi va Prezident Obama imzolashi lozim.

Har yili AQShga 20 million odam vizasiz kirib keladi. Ular haqidagi ma'lumot Ichki xavfsizlik vazirligi yurituvchi tizimga kiritilgan.