Xitoyda koronavirusga uchragan 9500 dan ziyod odam shifo topgan

  • Amerika Ovozi

Qator mamlakatlar koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralarni ishga solmoqda. Xitoy hukumati mamlakatda 68500 kishi virus yuqtirganini, 1665 odam undan nobud bo’lganini ma’lum qildi.

Yaponiyaning Yokoxama bandargohida 5-fevraldan beri karantinda turgan kruiz kemasining kamida 46 nafar amerikalik sayyohida ham virus borligi aniqlangan. Ular Yaponiyada davolanganidan so’ng AQShga qaytishi aytilmoqda.

Xitoy rasmiylariga ko’ra, virusga chalingan 9500 dan ziyod odam shifo topib, kasalxonadan chiqarilgan; fevral oyida og’ir kasallar soni keskin kamaygani qayd etiladi.

“27-yanvar kuni og’ir kasallanganlar bemorlar umumiy sonining 15,8 foizini tashkil etgan edi, 15-fevralda esa bu raqam 7,2 foizga tushdi. Bu virus profilaktikasi va muolajasi ish berayotganidan dalolat”, - deydi Xitoy Milliy sog’liqni saqlash komissiyasidan Mi Fen.

Go’sht bozorlarini qattiqroq nazorat qilib, noqonuniy go’sht va yovvoyi hayvonlar savdosiga chek qo’yish, odamlarni uydan ishlashga ko’ndirish kabilar profilaktik choralarga kiradi.

Bu o’rtada Misr Sog’liqni saqlash vazirligi Afrikada ilk koronavirus holati qayd etilgani haqida ma’lum qildi. Falastindagi Rafah o’tish-nazorat punktida odamlarni tekshirish va davolash maqsadida tibbiy markaz o’rnatilgan.

Virus masalasi Myunxendagi xavfsizlik anjumanida ham tilga olindi.

“Dunyoda terror xurujlariga qarshi choralar uchun milliardlab dollar sarflanmoqda, ammo ancha halokatliroq va iqtisodiy, siyosiy hamda ijtimoiy zarari ancha kattaroq bo’lishi mumkin bo’lgan virus hujumiga qarshi tayyorgarlik o’ta past”, - dedi Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan Tedros Adxanom Gebreyesus.