Koronavirus 100 dan ortiq mamlakatga kirib borgan

  • Amerika Ovozi

Italiyada yangi koronavirusdan kasallanganlar soni oshib bormoqda, virus ilk tarqalgan Xitoyda esa aksincha kasallanish sur’ati tushgan. Italiyaning shimoliy viloyatlarida taxminan 16 ming odam hozir karantinda. Virus yana bir necha mamlakatlarga kirib borgani ham xabar qilinmoqda.

Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo shtatda favqulodda holat e’lon qilgan. Imkon qadar ko’p odamlarni tekshiruvdan o’tkazish rejalangan. Nyu-Yorkda karantin choralari hozircha rejalanmagan.

Kuomoning aytishicha, Xitoy va Italiyadagi ommaviy karantin jamiyat va iqtisodiyot faoliyatini izdan chiqarmoqda.

Italiya hukumati virus tarqalishining oldini olish maqsadida shimolda 16 million odamning harakatlanishiga cheklov qo’ygan. Milan kabi shaharlardan aholi maxsus ruxsatsiz chiqa olmaydi. Shu onga qadar bu mamlakatda 366 odam koronavirusdan o’lgan.

Virus Bolgariya va Afg’onistonga ham kirib borgani haqida xabarlar bor. Tibbiy tekshiruv Hirotda to’rt kishining virus yuqtirganini aniqladi. Ularning Eronda bo’lib qaytgani ma’lum. Eronning o’zida kasallanganlar soni 6000 ga yetgan.

Afg’oniston Sog’liqni saqlash vaziri Firuziddin Firuzning aytishicha, Eron bilan chegara yopilmaydi, chunki shu yo’l bilan sayohatchilarni maxsus tibbiy jamoalar ko’rikdan o’tkazishi mumkin.

"Chegara yopilsa, odamlar uni noqonuniy kesib o’tishga harakat qiladi, bu esa virus tarqalishini nazorat qilishga halaqit beradi", - deydi vazir.

Hirotda aholiga sovun va niqoblar tarqatilmoqda.

Xitoy rasmiylari mamlakatda koronavirusga chalinish hollari pasaygani haqida ma’lum qildi.

“Xubey viloyatida yana 44 ta odam virus yuqtirgan, 27 kishi o’lgan, qo’shimcha 84 odamda virus borligi gumon qilinmoqda, 1661 bemor kasalxonadan chiqarilgan”, - deydi Milliy sog’liqni saqlash komissiyasi so’zlovchisi Mi Fen.

Sog’ayganlardan bir odamning Uxandagi favqulodda qurilgan kasalxonada yotgan 101 yashar qariya ekani aytilmoqda. Jami dunyoda 100 mingdan ortiq odam virusga chalinib, qurbonlar soni 3000 dan oshgan.

Bu o’rtada Xitoy janubi-sharqidagi Tsuanchjou shahrida yetti qavatli mehmonxona qulab, 10 odam o’lgan. Fojia paytida binoda 70 dan ziyod odam bo’lgani aytiladi. Otelda Xitoyning turli nuqtalarida koronavirusga chalingan odamlar karantinda edi. Qutqaruvchilar 35 dan ortiq odamni xarobalar ostidan chiqargan, qolganlaridan hozircha darak yo’q. Mingdan ziyod o’t o’chiruvchilar va qutqaruvchilar missiyada qatnashmoqda.

2018-yilda qurilgan otel nega qulagani aniqlanmoqda. Biroq shunisi ma’lumki, uning birinchi qavatida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan edi.