Homilador ayollar koronavirus ta’siridan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Koronavirus homilador ayollar va homilaga jiddiy zarar yetkazishi haqidagi ba’zi taxminlar ona bo’lishga hozirlik ko’rayotgan ayollarni qattiq tashvishga solmoqda. Koronavirus yuqtirgan ayollar tug’ishdan qo’rqyapti, ayniqsa yonida oila a’zolaridan hech kim bo’lmasligini bilgan holda. Biroq mutaxassislar virusning homila va chaqaloqqa ta’siri oxirigacha o’rganilmaganini aytadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Koronavirus homilador ayollar va yangi chaqaloqlarga ta'sir qilishi mumkinmi?

Juliya Mouk ismli nyu-yorklik noshir ayolning ko’zi sentabrda yorilishi kutilmoqda. U ijtimoiy masofani tutish qoidalariga rioya qilayotgan holda uydan ishlayotganini aytadi.

“Virusning menga qanday ta’sir qilishini, tug’ishimga, chaqaloqqa qanday ta’sir qilishini bilmay xavotirdaman”, - deydi u.

Kolumbiya universitetining homilador doktoranti Morin Nikol shu oy tug’ishi kerak. U oldin Manxettendagi kasalxonada tug’ishni rejalagan edi. Ammo Nyu-York koronavirus o’chog’iga aylanganidan so’ng u Merilenddagi qarindoshlarinikiga ko’chib borib, shaharga hali-beri qaytmoqchi emas. Ko’z yorilishiga sanoqli kunlar qolganda Morin tez tug’ruqxona topishi, chaqaloqqa zarur narsalar olishi kerak.

Kaliforniya universiteti o’tgan hafta COVID-19 ga uchragan homilador ayollarni qayd etishni boshladi.

"Bu tamoman yangi virus. Tibbiy adabiyotlarda u haqda va virusning homilador ayollar va yangi tug’ilgan chaqaloqlarga ta’siri haqida umuman ma’lumot yo’q. Buning uchun tadqiqotlar o’tkazish kerak”, - deydi San-Fransiskodagi universitet mutaxassisi Vanessa Jeykobi.

Virus ayoldan homilaga o’tishi mumkinmi? Buni tasdiqlovchi dalillar hozircha yo’q, biroq Xitoyda chop etilgan uchta dastlabki tadqiqot natijasi shunday ehtimol borligini ko’rsatdi.

AQShda chiqadigan tibbiy jurnalda chop etilgan bir maqolada aytilishicha, koronavirusga chalingan ayollardan tug’ilgan 33 ta chaqaloqning uchtasida tug’ilishidan ikki kun o’tib virus aniqlangan, barchasi sog’ayib ketgan.

Biroq Alabama universiteti eksperti, pediatr Deyvid Kimberlinning taxmin qilishicha, bu ayollar virusni homiladorlik paytida emas, tug’ayotganida yoki tuqqanidan so’ng yuqtirgan.

Ayrim shifokorlar homilador ayollarga telefon yoki video aloqa orqali maslahat bermoqda. Ba’zilari esa tug’ruq xonasiga kirishni cheklamoqda.

Hukumat kasalxonalarga infeksiya orttirgan onani tuzalgunga qadar yangi tug’ilgan chaqaloqdan ajratishni tavsiya qilmoqda.

Ekspertlar virus ona suti orqali o’tmasligini aytmoqda, biroq bolani emizmasdan, sutni sog’ib kasalxona xodimi tomonidan chaqaloqqa berish tavsiya qilinmoqda.

Ayrim homilador ayollar kasalxonada virus yuqtirishdan qo’rqib, uyda tug’ishni afzal ko’rmoqda.