Koronavirus AQShda prezidentlikka nomzodlarning rejalariga ta'sir qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda koronavirus tarqalishi ketidan siyosiy namoyishlar bekor qilinyapti. Prezidentlikka da’vogar ikki demokrat nomzod Jo Bayden va Berni Sanders ham saylov kampaniyasiga tuzatish kiritmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 13-mart, 2020-yil

"Berni Sanders va tarafdorlariga g’ayrati va tuganmas quvvati uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Maqsadimiz mushtarak – birgalikda Donald Trampni mag’lub qilamiz”, - dedi Bayden.

Sog’liqni saqlash mutasaddilari namoyishlar bekor bo’lganidan xursand.

“Viruslar, ayniqsa nafas olish yo’llariga hujum qiluvchi viruslar mana shunday namoyishlarda tez tarqaladi. Chunki odam ko’p bo’ladi, hamma o’z nomzodini qo’llab-quvvatlagisi keladi, bir-birini quchishadi, qo’llarini siqishadi, odamlar hayqirib, so’laklarini sochadi”, - deydi Texasdagi Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash Lamontan markazidan Shelli Peyn.

Sanders va Bayden mahalliy sog’liqni saqlash rasmiylari bilan maslahatlashib, namoyishlarni bekor qilishga qaror qilgan.

Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi amerikaliklarni ko’p sonli tadbirlarni qoldirishga chaqirdi.

Prezident Tramp ishtirokidagi namoyish so’nggi bor 2-mart kuni o’tgan. Uning saylov shtabi rejalangan tadbirlar qoldirilmasligini ma’lum qildi.

Vitse-prezident Mayk Pensning aytishicha, Tramp namoyishlarini bekor qilish qarori vaziyatga qarab qabul qilinadi.

Birlamchi saylovlar barcha shtatlarda bo’lib o’tgani yo’q hali. Ba’zilarining saylov rasmiylari tanlov taqdiridan xavotirda.

“Bu kasallikni oxirigacha tushunib yetganimiz yo’q hali. Inkubatsiya davri yanada uzunroqday, boshqa respirator viruslarni ham keltirib chiqarayotganday ko’rinyapti. Odamlar kasal bo’lganini anglab yetguncha virus tarqalib ulguradi. Uning qanchalik yuqumli ekanini, qanchalik tez tarqalishini bilmaymiz”, - deydi Shelli Peyn.

Bu o’rtada universitetlarda darslar qoldirilmoqda, anjumanlar va festivallar, Vashingtonda Oq uyga ekskursiyalar bekor qilinmoqda. Kompaniyalar va davlat idoralari xodimlarini uydan ishlashga da’vat etmoqda.

Koronavirus AQShga yanvarda kirib borganidan beri 1700 dan ziyod odam unga chalingan. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti dunyoda koronavirus pandemiyasi haqida e’lon qilishi ketidan aksiyalar bozori 1987-yildan beri eng katta yo’qotishga uchragan. Prezident Tramp mamlakat bo’ylab favqulodda holat e’lon qilgani yo’q, ammo bugundan boshlab 30 kunga Yevropadan reyslarni bekor qildi. Britaniya bundan mustasno.