Qochqinlar lagerlarida ilk roxinjalik koronavirusdan o'ldi

  • Amerika Ovozi

Rohingya refugees gather at a market as first cases of COVID-19 coronavirus have emerged in the area, in Kutupalong refugee camp in Ukhia on May 15, 2020. - Emergency teams raced on May 15 to prevent a coronavirus "nightmare" in the world's largest refuge

Yaqingacha Bangladeshning qochqinlar lagerlarida koronavirus nimaligini bilmay yashab kelgan roxinjalik qochqinlar virus tahdidi bilan yuzlashmoqda. "Assoshieytid Press" axborot agentligining xabar berishicha, shu hafta birinchi qochqinning virusdan o’lgani ayon bo’ldi.

Bir milliondan oshiq roxinjalik 2017-yil avgustidan keyin Myanmadan qochib, Bangladeshdagi 34 ta lagerda jon saqlamoqda.

Koronavirusdan o’lgan odamning yoshi 71 da bo’lgani ma’lum. Unda koronavirus alomati aniqlangach, bemor zudlik bilan boshqalardan ajratib qo’yildi.

Lagerlarda qochqinlar zich yashaydi. Har bir kvadrat kilometr maydonga 40 ming odam to’g’ri keladi. Har bir kulba 10 kvadrat metr bo’lib, ko’plarida 12 tagacha qochqin yashaydi.

Lagerlar aholisining bu qadar zichligi virus tarqalishini tezlashtirishi aytilmoqda. BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi bergan ma’lumotga ko’ra, shu kunga qadar kamida 29 roxinjalikda virus aniqlangan. Agar kasallik tez tarqalib, qochqin aholining katta qismini qamrab olsa, epidemiyani nazoratga olish qiyin bo’ladi, deydi gumanitar yordam tashkilotlari va mahalliy rasmiylar.

Bangladeshda shu onga qadar 55 mingdan ziyod odam koronavirus yuqtirgan bo’lsa, o’lganlar 750 ga yaqinlashmoqda. O’tgan bir kunda salkam 2700 odam virusga chalingan.

Biroq aksariyat aholi test topshirmagani bois kasallanganlar soni aslida ancha ko’p ekani aytilmoqda, chunki ko’p hollarda virus alomatlarsiz o’tishi mumkin.