AQSh qamoqxonalari - koronavirus epidemiyasi o'choqlaridan biri

  • Amerika Ovozi

Koronavirus AQSh qamoqxonalariga ham kirib borgan. “Reyter” axborot agentligi tekshiruviga ko’ra, federal hukumat statistikasida axloq tuzatish muassasalaridan olingan raqamlar ancha past ko’rsatilgan.

AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi hisobotida aytilishicha, mamlakat qamoqxonalarida salkam 5000 odam virus yuqtirgan. Biroq shundan ikki haftadan so’ng “Reyter” agentligi o’tkazgan so’rovdan ma’lum bo’lishicha, aslida kasallangan mahbuslar 17,300 kishini tashkil etadi.

“Odamlarni ommaviy tarzda qamash koronavirusdan oldin ham sog’liqni saqlash tizimiga darz solgan edi. Biroq pandemiya vaziyatni yanada yomonlashtirgan, asl manzara qandayligini hali yaxshi bilmaymiz. Testlar o’tkazilgan qamoqxonalarda ahvol fojialidir”, - deydi Amerika Fuqarolik erkinliklar ittifoqidan Udi Ofer.

Ayrim shtatlardagi qamoqxonalarda barcha mahbuslar testdan o’tmoqda. Ba’zilarida kasallanish 65 foizga chiqib ketgani aniqlandi.

Mart oyida Detroyt qamoq tizimida koronavirusga test tizimlari hali yo’q edi. Infeksiya ko’lami qamoqxona mutasaddilari o’la boshlaganidan so’ng ayon bo’ldi. Birin-ketin qamoqxona nazoratchilari, tibbiyot bo’limi rahbari, bir shifokori o’ldi.

Kim virusga uchrab, infeksiyani tarqatayotgani ma’lum emas edi.

“Muassasamizda testlarni tashkil etish oson bo’lmadi. Bu vaziyatga mamlakat bo’ylab ham guvoh bo’lsa bo’lardi. Virus asoratlari yo’q odamlar o’zini tekshirtira olmasdi”, - deydi Ueyn grafligi qamoqxona tizimi boshlig’i Robert Dunlap.

Testlarning yetishmasligi va hisobotlardagi kamchliklar virus tarqalishiga qarshi kurashayotgan sog‘liqni saqlash mutasaddilari va rahbarlar ishini qiyinlashtirdi. Ma’lum bo’lishicha, axloq tuzatish muassasalari COVID-19 kasalligining tarqalishida katta rol o’ynagan.

“Kasallik yangi mahbuslar orqali, qamoqxonaga har kuni bir necha marotalab kirib-chiqayotgan va infeksiyani tashqaridan olib kirayotgan qo’riqchilar orqali tarqalmoqda”, - deydi Nyu-York fuqarolik erkinliklari ittifoqidan Donna Liberman.

Natijada virus tarqalishining oldini olish maqsadida mahbuslar ozod etila boshladi. Biroq ozodlikka chiqishdan oldin ular testdan o’tkazilyaptimi, yo’q, ma’lum emas.

AQShda shu onga qadar mamlakat bo’ylab bir yarim milliondan ziyod odam virus yuqtirgan, o’lganlar 92 mingdan oshgan.