AQShda koronavirus bilan kasallanish hollari keskin ko'paygan

  • Amerika Ovozi

Mayami Bich, Florida

AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni o’sishda davom etmoqda. Turli shtatlar bunga turlicha yondashmoqda.

“Bu jarayonda biz muammoning yechimi yoki bir qismi bo’lishimiz mumkin. Agar virus o’chog’ini ertami-kech so’ndirmasak, soppa-sog’ odamlar ham virus oldida himoyasiz bo’lib qoladi. Kemaga tushganning joni bir, demak virusga birgalikdagina barham berishimiz mumkin”, - deydi AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi.

AQSh dunyo aholisining to’rt foizini tashkil etsa-da, shu kungacha jahonda virus bilan kasallangan 10 milliondan ortiq odamning choragi shu mamlakatda yashaydi. O’tgan hafta yolg’iz Arkanzas shtatida virus yuqtirganlar 25 foizga ko’paydi.

“Mamlakat bo’ylab koronavirusga testlar ikki karra ko’paydi. Buni yana ikki marotaba oshirish kerak. Ammo test ishlab chiqaruvchi kompaniyalar buncha miqdorda yetkazib bera olarmikan?” – deydi shtat rahbari Asa Xatchinson.

Respublikachi gubernator Prezident Donald Trampga mahalliy sanoatlar, masalan, himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni nazorat qilishga favqulodda vakolat beruvchi “Mudofaa uchun ishlab chiqarish” haqidagi qonunni ishga solishga chaqirmoqda.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining aytishicha, niqob taqish mamlakat bo’ylab ancha oldin majburiy bo’lishi kerak edi, biroq Tramp ma’muriyati bunga ko'z yummoqda.

“Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish markazi niqob taqishni tavsiya qiladi, ammo prezidentga tegib ketmasligi uchun niqob taqishni majburiy qilmagan. Prezidentning o’zi namuna bo’lishi kerak. Haqiqiy erkaklar niqob taqadi. Mamlakatga namuna bo’lib, niqob taqishi kerak. O’zini emas, boshqalarni himoya qilish uchun”, - deydi Pelosi.

Tramp odatda kameralar oldida niqobsiz yurishni afzal ko’radi va virus holatlarining keskin ko’payishini testlarning ko’paygani bilan bog’laydi.

Shu onga qadar AQShda ikki million 600 mingdan ziyod odam koronavirus yuqtirgan bo’lsa, undan o’lganlar 128 mingdan oshgan.