Faollar "Katta Yettilik" rahbarlarini vaksina patentidan voz kechishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Dunyoning rivojlangan va sanoatlashgan 7 mamlakatining rahbarlari Britaniyaning Kornuoll shahrida “Katta Yettilik” guruhi sammiti uchun to’plandi. Tadbir arafasida mahalliy faollar namoyish qilib, sammit ishtirokchilarini koronavirusdan vaksinalarga qo’yilgan patentlarni bekor qilishga chaqirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 11-iyun, 2021-yil

Faollar mahalliy plyajdagi qumga “Katta Yettilik” rahbarlarining qiyofasini tushirib, “vaksinani ulashing, patentdan voz keching” degan so’zlarni yozib qoldirdi.

Bunday siyosat tarafdorlari nazarida, dunyoning boy davlatlari vaksinalarni haddan ortiq miqdorda g’amlab, kambag’al mamlakatlarni vaksinasiz qoldirgan. Misol uchun, sammit mezboni, yolg’iz Kornuoll shahrida emlanganlar soni Afrikaning jami 22 mamlakatida emlangan odamlar miqdoridan ko’pdir.

“Katta Yettilikka” a’zo davlatlar aholisi kelasi 6-7 oy ichida to’liq emlangan bo’ladi. Kambag’al va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun esa bunga 57 yil vaqt ketadi, deydi faollar.

“Prezidentlar Bayden va Makron patentlardan voz kechishga qarshi emas, ammo Angela Merkel va Boris Jonson oyoq tirab olgan. Umid qilamizki, ular oddiy insonlar manfaatlarini farmatsevtika sanoati manfaatlaridan ustun qo’yib, sammit davomida dunyoni vaksinalar bilan ta’minlash tashabbusiga qo’shlishga qaror qiladi”, - deydi aktivistlardan biri.