Kongress COVID-19 yordam paketi muhokamasini boshlamoqda

  • Amerika Ovozi

Shu hafta AQSh Kongressida koronavirusdan jabr ko’rgan aholi va kompaniyalarga iqtisodiy yordam berish masalasining muhokamasi boshlanadi. Bu mamlakatda koronavirus yuqtirish holatlari va kasalxonaga yotish sur’ati tushayotganiga hamda emlash dasturi davom etayotganiga qaramay, o’tgan oy 90 mingdan ziyod odam virusdan o’lgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 1-fevral, 2021-yil

“Virusga oson chalinadigan odamlarni emlash zarur”, - deydi Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi sobiq rahbari Richard Besser.

Virusdan eng qattiq zarar ko’rayotgan shtatlarni vaksina bilan ta’minlash va ishsiz qolgan odamlarga yordam berish Kongress qo’lida. Prezident Jo Bayden shu maqsadda 1,9 trillion dollarlik yordam paketini taklif qildi. Qonunchilar uni shu hafta ko’rib chiqadi.

“Respublikachi qonunchilar yordamida qonun qabul qilinadi degan umiddaman. Paket hech bir shartsiz o’tishi zarur”, - dedi Bayden.

Respublikachi qonunchilarning aksariyati pul ko’p so’ralayotganidan norozi ekan, ba’zi xarajatlarni zaruratsiz deb hisoblaydi. 31-yanvar kuni 10 nafar respublikachi senator Baydenga maktub yo’llab, hujjatga o’zgartirish kiritishni, demokratlar taklif etganidan uch baravar kam yordam miqdorini o’z ichiga olgan qonun loyihasini ko’rib chiqishni so’radi. Demokratlar hozir ham Vakillar palatasi, ham Senatda ko’pchilikni tashkil etadi.

“Agar respublikachilar biz bilan hamkorlik qilishni istasa, ancha yaxshi takliflar bilan chiqishi kerak, biroq hozircha bunaqasini ko’rganim yo’q”, - dedi Senat Byudjet qo’mitasiga rais etib tayinlangan demokrat Berni Sanders.

Qonunchilar masalani 9-fevralgacha hal qilishga umid qilmoqda, aks holda Senatda sobiq prezident Donald Trampga qarshi impichment sudi boshlanib, ularning hayoli bo’linishi mumkin.