Namoyishchilar: Qrim-tatarlarga qarshi repressiyalarni to'xtating

Your browser doesn’t support HTML5

10-iyul kuni qrim-tatarlar Moskvadagi Qizil maydonda Qrim yarim orolidagi repressiyalarga qarshi norozilik askiyasiga chiqishgan. Namoyish bir guruh qrimlik musulmonlar diniy ekstremizmda ayblanib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi ortidan o’tkazilgan.

“Qrim-tatarlarga qarshi repressiyalarni to’xtating!”, “Bizning farzandlarimiz terrorchi emas!”, “Qrimda diniy va milliy mansublikka ko’ra yuritilayotgan repressiyalarga barham berilsin!” kabi shiorlar ko’tarilgan aksiya uzoq davom etmagan. Politsiya qatnashchilarni hibsga olgan, ular jarimaga tortilishi ortidan ozod qilingan.

Qrim-tatarlar yetakchisi, Ukraina Radasi deputati Mustafo Jemilevning “Amerika Ovozi"ga aytishicha, Rossiya Qrim ishg’oliga qarshi turgan aholini tiz cho’ktirish maqsadida repressiyalarga zo’r bermoqda.

Ukraina hududi bo’lgan Qrim 2014-yili Rossiya tomonidan anneksiya qilindi, qrim- tatarlar bu ishg’olga keskin qarshi chiqishdi. Rossiya bunga javoban nisbatan tazyiqlarni kuchaytirdi.

Ayni paytda o’nlab qrim-tatarlar qamoqda. Ularning aksariyati Rossiyada taqiqlangan diniy guruhlarga a’zolik, ekstremizmda ayblangan.