Ham ekologiya uchun foyda, ham uysizlarga yordam

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Merilend shtatida bir guruh ayollar bir loyiha boshlagan. Uysizlar uchun gilamchalar to’qib berishadi. Loyihaning ekologiya uchun foydali jihati ham bor.

Ketlin Barker jamoatchilikka xizmat ko’rsatuvchi “Moose” tashkilotida volontyorlik qiladi. To’garakning eng yosh a’zosi. To’qish - uning xobbisi.

“Tashkilotimizga pul to’plash uchun sharf va shlyapalar to’qib, sotishni mo’ljallagan edik”, - deydi u.

Onasi esa sharf va shlyapa o’rniga mahalladagi uysizlar uchun gilamchalar to’qisakchi, degan taklifni o’rtaga tashladi. Sellofan paketlardan foydalanishga qaror qilishdi. Oson emas ekan.

“Yupqa ip bilan ham, qalin ip bilan ham ishlaganman. Ammo bu mutlaqo boshqacha material. Sellofan uziladi, cho’ziladi, xatoni tuzatish qiyin. Boshida qiyin bo’ldi. Birinchi to’shamani to’qishga 40-50 soat vaqt sarfladim, lekin qo’l o’rgandi”, - deydi Barker.

Bir yil o’tib, har bir gilamchani to’qishga taxminan 20 soat vaqt ketyapti. Bittasini yasashga 700 ta paket ketadi.

Ish atrofdagi do’konlardan sellofan xaltalarni yig’ishdan boshlanadi.

“Paketlar bir joyga jamlanib, rangiga qarab ajratiladi. Oq, kulrang, jigarrang, ko’k - xullas, sellofan rangiga qarab mahsulot chiqaramiz. Ishchilarimiz paketlarni tekislab, kesish uchun tayyorlashadi. Kesgandan keyin bir-biriga ulab, to’qish uchun uzun ipga aylantiramiz”, - deb tushuntiradi ko’ngilli.

“Moose” tashkiloti asosan o’smirlar va qariyalarga yordam beradi. 1888-yilda tuzilganida a’zolari faqat erkaklar bo’lgan. Hozir barcha shtatlarda bo’limlari bor.

“Hozir a’zolik masalasida cheklov yo’q. Mablag’ jamg’arish bo’ladimi, muhtojlarga ko’mak berish bo’ladimi, istagan loyihani olib borish mumkin”, - deydi Morin Barker.

Brenda Bell sellofan gilamlarni tarqatish uchun olib ketayapti. Uysizlarga xizmat ko’rsatuvchi, yegulik tarqatuvchi tashkilotda ishlaydi.

“Juda qulay. Odamni issiq saqlaydi. Ustiga yotsa ham bo’ladi, yumshoq. Biror joyga ketayotgan bo’lsa, o’rab olib ketish ham oson”, - deydi Bell.

Loyiha davom etadi. Ham ekologiya uchun foyda, ham uysizlarga yordam, deydi to’garak a’zolari.