Sobiq noqonuniy muhojir qonunchi bo'lmoqchi

  • Amerika Ovozi

Sobiq noqonuniy immigrantlardan biri hozir qonunchi bo’lishga intilmoqda. Asli kolumbiyalik Katalina Kruz Amerikaga to’qqiz yoshida kelib qolgan. Ayni damda u Nyu-York shtati qonunchilik kengashiga saylanmoqchi.

Bir vaqtlar Amerikada hujjatsiz yurgan Katalina Kruz Nyu-Yorkning ko’plab muhojirlar yashovchi Kvins rayonidan vakil bo’lmoqchi.

“Musofirchilikning mashaqqatlarini yaxshi tushunadigan, kimdandir imkoniyatlarni o’g’irlash yoki tizimdan foydalanish uchun emas, ishlash, kurashish uchun Amerikaga kelgan ko’plab odamlarni bilaman”, - deydi u.

Kruzning o’zi qattiq mehnat qilgan, yaxshi insonlarga duch kelib, mamlakatda qolishga muvaffaq bo’lgan. Ana shunday insonlardan birining yordami tufayli universitetga o’qishga kirdi, 2003-yilda o’zi bilan bir maktabda o’qigan yigit bilan oila qurdi, AQSh fuqaroligiga hujjatlarni topshirishda immigratsiya bilan shug’ullanuvchi bir advokat undan pul olmadi.

Hujjatsiz, qonuniy maqomsiz yashash qiyin, deydi u.

"13 yil hujjatsiz muhojir bo’lib yashadik. Onam duch kelgan ishlarni qilardi – varaqalar tarqatardi, somsa yopib sotardi, bolalarga qarardi. Xudoga shukur, onam kasb egallab, hozir bolalar bog’chasida ishlamoqda”, - deydi Kruz.

Kechagi noqonuniy muhojir bugun tajribali advokatdir. Katalina Kruz ko’p odamlarga qonuniy masalalarda yordam berdi, islohotlarga qo’l urmoqchi.

Shahar kengashi uchun saylovlarda uning asosiy raqibi amaldagi qonunchi Ari Espinal. Saylov sentabrda o’tadi. Espinal ham muhojirlardan, uning ota-onasi Dominika Respublikasidan.