Kubalik faollar mamlakatda ijobiy o'zgarish bo'lishiga ishonmayapti

  • Amerika Ovozi

Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan o'tkazilgan namoyishda kubalik huquq faoli xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olinmoqda, Gavana, Kuba, 10-dekabr, 2014-yil.

O’tgan hafta Kubada bir necha faol hibsga olingan. AQSh kommunistik davlat bilan diplomatik aloqalarni tiklab xato qilayaptimi? Obama ma’muriyati boshqacha fikrda.

Your browser doesn’t support HTML5

Kubada inson huquqlari, Behzod Muhammadiy

Kubaning “Oq kiyimdagi xonimlar” nomli guruhi siyosiy mahbuslarning ozod qilinishini hamda inson huquqlari borasidagi ahvolning yaxshilanishini talab qilmoqda. Prezident Barak Obamaning Gavana bilan aloqalarni tiklashi ozodlik olib kelishiga ishonmaymiz, deydi harakat yetakchisi Berta Soler.

“Obama bu Kuba aholisiga yengillik olib keladi, deb o’ylagan. Aslida unday emas. Aloqalarning yangilanishidan keladigan har qanday foydani faqat Kuba hukumati ko’radi, Kuba xalqi emas”, - deydi u.

O’tgan hafta kubalik san’atkor Tanya Brugueraning hibsga olinishi repressiyaning davom etayotganiga yaqqol misoldir, deydi huquq faollari. Bruguera va yana 50 kishi Gavananing Inqilob maydonida so’z erkinligini talab qilib namoyish o’tkazishni rejalagani uchun qamoqqa olingan. Keyinroq Bruguera va yana bir necha faol qo’yib yuborilgan.

Vashington voqeani keskin qoraladi, ammo Kuba bilan olib borayotgan yangi siyosatini to’g’ri ekanini himoya qilishda davom etmoqda.

“Siyosatda o’zgarish yasashimizga turtki bergan asosiy sabablardan biri ijobiy o’zgarishlarni amalga oshirishda Kuba fuqarolariga ko’proq imkoniyat berishni istayotganimizdir. Inson huquqlari holatiga e’tibor qaratishda davom etamiz. Kubada bu borada vaziyat yaxshi emasligini yaxshi bilamiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki.

Kuba hukumati AQSh bilan munosabatlar tiklangach, hibsdagi 53 siyosiy mahbusni ozod qilishga va’da bergan edi. Ammo bu va’daning qachon amalga oshishi ma’lum emas.

Kongressdagi har ikki partiyaga mansub qonunchilar orasida ham Obamaning yangi Kuba siyosatidan norozilar bor. Ular uzoq yillik iqtisodiy blokadaning bir qismini, jumladan, telekommunikatsiya sohasiga investitsiya kiritishga qo’yilgan taqiqni ko’tarish haqidagi Obama qaroriga Kuba hukumati munosib tarzda javob qaytarmayapti, degan fikrda.

“Washington Post” gazetasida chop etilgan tahririyat maqolasida Obama aloqalarning tiklanishi evaziga demokratiya tarafdori bo’lgan faollarning xavfsizligi kafolatlanishini talab qilishi kerak edi, degan fikr bildirilgan.

Ammo Kubada Elizardo Sanchez kabi faollar kelajakdan umidvor emas.

“Hukumat mamlakat muhtoj biror islohotni amalga oshirish niyatida ekanini ko’rmayapmiz. Hamma narsa oldingi yillardagidek davom etadi”, - deydi u.

1-yanvar kuni Fidel Kastro hokimiyatga kelib, Kuba inqilobini amalga oshirganiga 56 yil to’ldi. Bugun oddiy kubaliklar AQSh siyosatidagi o’zgarishlar ular hayotiga yoki kommunist hukumat faoliyatiga qanday o’zgarishlar olib kelishi mumkinligini kutib yashamoqda.