AQSh Kongressi Kuba bilan aloqalarni bekor qilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Kubaliklar Fidel Kastro o'limiga motam tutmoqda, Gavana, 30-noyabr, 2016-yil.

Prezident Obama Kuba bilan aloqalarni tiklashidan ikki yil o’tib Fidel Kastroning o’limi hamda Donald Trampning Oq uyga kelishi munosabatlarda yana o’zgarish yasashi mumkin. Gavana bilan aloqalarning iliqlashishiga qarshi respublikachilar Kongressda yana hukmronlikni qo’lga kiritgani ham bunga turtki berishi kutilyapti.

Mayamida AQSh va Kuba aloqalarining iliqlanishi olqishlar bilan kutib olingan edi.

Ammo xursandchilik uzoqqa bormasligi mumkin. Qonunchilar munosabatlarni qayta ko’rib chiqmoqchi.

“Kuba xalqi shuni bilib qo’ysinki, yaxshi o’ylanmasdan qilingan bu tajriba barbod bo’ldi va AQSh bundan buyon inson huquqlari himoyachilari bilan birga bo’ladi”, - deydi respublikachi qonunchi Kris Smit.

Kubadagi inson huquqlaridan xavotir bilgirgan qonunchi Smit nazarida o’zgarishlarni Kastroning o’limi emas, balki AQSh prezidenti olib keladi.

“Donald Tramp AQSh-Kuba aloqalarida burilish nuqtasi bo’ladi. Shu paytgacha Kubaga nisbatan tuturuqsiz siyosat olib bordik”, - deydi u.

Yangi prezident saylov payti bergan va’dalarini bajarishi uchun Kongressdan ko’p narsa talab qilinmaydi.

“Agar Tramp ma’muriyati Obama siyosatini o’zgartmoqchi bo’lsa, farmon chiqarishi mumkin. Chunki Obamaning o’zi ham shunday qilgan edi”, - deydi tadqiqotchi Uilyam Leogrande.

Ammo respublikachilarning hammasi ham yakdil emas.

“Prezident Obama shu paytgacha qilgan hamma narsani bekor qilish yaxshi emas”, - deydi qonunchi Rik Kroford.

Kongressmen Kroford Kuba xalqiga yordam berishning eng yaxshi yo’li savdo orqali, deb hisoblaydi.

“Sovuq urush paytidagi qarashlardan voz kechish vaqti keldi. Kuba bilan samarali va faol munosabat olib borishimiz kerak. Ular jiddiy siyosiy, ijtimoiy va madaniy o’zgarishlar yoqasida turibdi”, - deydi qonunchi.

AQSh-Kuba aloqalari qanday bo’lishidan qat’i nazar, Kastroning o’limi yangi davr boshlanayotganidan darak.

“Fidel Kastroning o’limi AQSh siyosatiga bevosita ta’sir qilmasa ham, muhitni, Kuba va AQSh o’rtasidagi o’zaro aloqa iqlimini o’zgartiradi”, - deydi professor Leogrande.