Gollandiyalik turk O'zbekiston Islomiy Harakatiga yordam bergani uchun 7 yilga qamaldi

  • Amerika Ovozi

2016-yilning 20-dekabrida Vashingtonda AQSh federal sudi chiqargan hukmga ko'ra, 58 yoshli Irfan Demirtosh O'zbekiston Islomiy Harakatiga yordam bergani uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

O'zbekiston Islomiy Harakati AQSh va xalqaro hamjamiyat nazarida terror tashkilotidir. Bugunga kelib ancha zaiflashgan bu guruh al-Qoida va boshqa terror tizimlariga sherik, deya qayd etadi rasmiylar. Harakat 2001-yilning 25-sentabrida Vashington tomonidan terrorchi tashkilot deya e'lon qlingan.

Demirtosh 2016-yilning 15-sentabrida aybiga iqror bo'lgan. Federal prokuror bilan qilingan murosaga ko'ra, sudlanuvchi jazo muddatini o'tab bo'lgach mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Vatan Demirtosh uchun Gollandiya. Asli kelib chiqishi esa turkdir.

AQSh sudi o'z hukmida bu muddatni hisobga olgan. Aybiga iqror bo'lgani uchun ham jazo biroz qisqartirilgan. Dastlab prokuror uni 15 yilga ozodlikdan mahrum etishni so'ragan edi.

AQSh Adliya vazirligining bayon etishicha, Demirtosh 2006-2008-yillarda Gollandiyadan turib, O'zbekiston Islomiy Harakati uchun mablag' to'plagan va yig'ilgan pulning terrorchilar qo'liga yetib borishini, ularga zarur vositalar yuborilishini ta'minlagan. Demirtosh, deyiladi hukmda, Pokiston, Afg'oniston, Turkiya, Iordaniya va Gollandiyada o'zini O'zbekiston Islomiy Harakati vakili sifatida ko'rsatib, madad ko'rsatishga moyil odamlar va to'dalarni qidirgan.

U 2015-yilning mart oyida Germaniyada Interpol orqali qo'lga olingan. 2015-yilning iyul oyida AQShga topshirilgan.