Dilmurod Sayyid: Qamoqda jon bersam, Bulung'urga qo'yinglar

Dilmurod Sayyid 2009-yilda firibgarlik va tovlamachilikda ayblanib qamalgan edi

Qamoqdagi mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyidning maktubi o’tgan dekabr oyida u bilan ko’rishgan ukasi Obid Sayidov orqali chiqarilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Dilmurod Sayid - Qamoqdan noma - Malik Mansur


"Jarayon.com" internet sahifasi Sayidov bilan suhbatlashgan va mahbus xatidan quyidagi parcha e’lon qilingan:

“…o'tgan umrimdan xotirjamman. Buyog'ining esa, hozirda deyarli qizig'i yo`q! Mabodo shu joylarda qazoyim yetsa, o'sha gap, ya'ni ovora bo'lib Toshkentga olib ketmanglar, Bulung'urga – Barno va Ruxshonaning yo'niga qo'yinglar”, - deydi unda Dilmurod Sayyid.

Jurnalistning xotini Barno Jumanova va uning 6 yoshli qizchasi Ruxshona 2009-yilda qamoqda o`tirgan Dilmurod Sayyid bilan uchrashuvga ketayotib avtohalokatda o`lgan edi. Jurnalistning oilasi Bulung'urda tuproqqa qo`yilgan.

Mahalliy matbuotda va internet saytlarida chop etilgan tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Dilmurod Sayyid tovlamachilikda ayblanib, 2009- yilda 12,5 yil muddatga ozodlikdam mahrum qilingan edi. Barcha ayblarni inkor etgan jurnalist o’z tanqidiy chiqishlari uchun jazolanayotganini ta’kidlab keladi.

Sil kasaliga chalingan mahbus Toshkentdagi “Sangorod” nomi bilan tanilgan qamoqxonaga keltirilgan. Bu yerga ahvoli og’ir mahbuslar maxsus muolaja uchun olib kelinadi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra Dilmurod Sayyid hozirda Qarshidagi qamoqxonada.

Xalqaro huquq tashkilotlari va mahalliy faollar hukumatdan uni ozodlikka chiqarishni so’rab keladi. Adolat talabi bu, deydi ular. Bunday talab o’tgan may oyida AQSh hukumati tomonidan qo’yilgan edi. O’zbekiston rahbariyati lom-mim demaydi.