G'arbiy Sohildagi Furot qishlog'i Isroilga qo'shib olinishini orziqib kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 1-iyuldan boshlab G’arbiy Sohildagi 130 dan ortiq yahudiy aholi punktlari joylashgan yerlarni Isroilga qo’shib olmoqchi.

Falastinning Baytlahm shahriga qo’shni Furot aholi punktida 16 ming yahudiy yashaydi. Qishloq hokimi Oded Revivi Furotning Isroilga qo’shib olinishi tarafdori.

“Tramp taklif etgan ushbu reja ulkan imkoniyatdir va uni qo’ldan chiqarmasligimiz kerak. Bunday imkoniyat yana qachon bo’lishi noma’lum”, - deydi Revivi.

Falastinliklar anneksiya zo’ravonliklarga olib keladi deya ogohlantirmoqda, chunki bunday harakat Falastin davlatini yaratish imkonini puchga chiqaradi. Revivi bunday ogohlantirishlarga parvo qilmasligini aytadi.

“Ular bizga hujum qilishni istasa, bahonasiz ham bu ishni qilaveradi. Tinchlik rejasidan terror xurujlarining yangi davrasini boshlash uchun foydalanish jiddiy tahdiddir”, - deydi Furot hokimi.

Biroq qishloqdagilarning ba’zilari anneksiya korrupsiya ayblovlariga yuz tutayotgan Bosh vazir Benyamin Netanyaxu manfaatlariga xizmat qiladi deya, uni strategik xato deb biladi.

“Netanyaxu qamoqqa tushmaslik uchun Isroilning Saudiya Arabistoni bilan aloqalarini, Iordaniya bilan imzolangan tinchlik bitimini, Birlashgan Arab Amirliklari bilan barg yozayotgan munosabatlarni, AQShdagi Demokratik partiya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlar bilan aloqalarni buzmoqchi”, - deydi yahudiy seminariya dekani, ravvin Xersl Xefter.

Furotliklarning bir qismi anneksiya ularning turmushini yaxshilashiga umid qilmoqda.

“Bu ish ancha oldin bo’lishi kerak edi. Ko’plab kundalik muammolarimiz bor, ularni hal qilish kerak. Usmoniylar, Britaniya, Isroil armiyasi, Iordaniya qonunlari ostida yashab keldik”, - deydi Yeva Xarov ismli ayol.

G’arbiy Sohilning Isroilga anneksiya qilinmaydigan joylarida yashovchi yahudiylar bu hududlar AQSh rejasiga ko’ra bo’lajak Falastin davlati tarkibiga kirishidan xavotirda.

“Asr kelishuvi bizga to’g’ri kelmaydi. Chunki unda Falastin davlati tilga olinadi. Bizga to’g’ri kelmaydi bu. Isroil davlati Yahudiya va Samariyadagi qaysi qishloqlar strategik hudud ekanini aniqlab olishi zarur. Biz buni boshqalardan yaxshiroq bilamiz, rejani Isroilning o’zi tuzishi kerak”, - deydi David Alhayani ismli odam.

Aksariyat furotliklar nazarida, anneksiya bu hududda uy qurilishlarini osonlashtirib, yahudiylarni bu yerga ko’chishga rag’batlantiradi.