Misr yangi konstitutsiyasi ustida ish davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Misr yangi konstitutsiyasi moddalarini tahlil qilayotgan komissiya

Misrda maxsus komissiya yangi konstitutsiya loyihasi bo’yicha moddama-modda ovoz bermoqda. Jarayon kecha boshlangan.

Yangi hujjatda 247 ta modda bo’lib, qabul qilinsa, iyul oyida hokimiyatdan harbiylar yordamida chetlashtirilgan prezident Muhammad Mursiy joriy etgan qomusning o’rnini egallaydi.

50 a’zolik komissiya kecha moddalarning yarmidan ko’pini tasdiqlagan.

Guruh a’zosi Muhammad Abulg’arning aytishicha, konstitutsiya yaxshi yozilgan, u ijtimoiy adolat va erkinlikni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.

Hujjat loyihasi kelasi hafta muvaqqat prezident Odil Mansurga taqdim etiladi, so’ng kelasi yil boshida referendumga qo’yiladi.

Poytaxt Qohiraning Tahrir maydonida esa Mursiyning ikki mingga yaqin tarafdorlari uning hokimiyatdan olinishiga qarshi namoyish qilmoqda. Politsiya ularni ko’zni yoshlantiruvchi gaz bilan tarqatishga urindi.

Mursiy hozir qamoqda va sudini kutmoqda. U o’tgan yil dekabr oyida prezident saroyida qarshisida to’plangan namoyishchilarni o’qqa tutishga buyurganlikda ayblanmoqda. Uning ko’plab maslakdoshlari ham panjara ortida.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti Misr hukumatini Mursiyning qamoqxonadagi besh safdoshini ozod etishga chaqiryapti.

Guruh nazarida ular 3-iyuldan beri hibsda va qayerda saqlanayotgani noma’loum.