Musulmon davlatlarda Qohira siyosatiga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Namoyishchilar Qohirada prezident Muhammad Mursiy tarafdorlariga qarshi kuch ishlatilganiga norozilik bildirmoqda, Misr, 17-avgust, 2013-yil

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Misrda tomonlarni osoyishtalikka chaqirmoqda. Yevropa Ittifoqi ham qon to’kilishlaridan xavotirda. Tashkilot Misr bilan munosabatlarini qayta ko’rib chiqishini aytmoqda.

“Demokratiya va fundamental huquqlarni inkor etish va, hatto qon bilan yuvib yuborish to’g’ri emas”, - deyiladi ittifoq bayonotida.

Mintaqada islomiy kuchlar Misr hukumatining namoyishchilarga qarshi tazyiqini tanqid qilar ekan, Misrning Liviyadagi konsulligida bomba portlagan, Isroilda esa bir necha ming arab Mursiy suratlari bilan shimoldagi Nazaret shahrida namoyish qilgan.

Misrning Tunisdagi elchixonasi qarshisida yuzlab odam Qohira harakatlaridan norozilik bildirgan. Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlarida hamda Indoneziya, Malayziya va Pokistonda ham ko’p sonli namoyishlar kuzatilgan.

Mursiy tarafdorlari bugun safdoshlarini yangi namoyishlarga da’vat etgan. Kecha xavfsizlik kuchlari al-Fath masjidini nazoratga oldi. Juma kungi zo’ravonliklardan so’ng namoyishchilarning ko’plari u yerga yashiringan edi.

Misr muvaqqat hukumati Mursiyning “Musulmon birodarlar” harakatini to’qnashuvlarga sabab bo’lganlikda ayblamoqda. Chorshanbadan beri 700 dan ziyod odam o’lgan, harakat hisobicha, qurbonlar soni bundan-da ko’p.

Bosh vazir Hazim al-Bablaviy “Musulmon birodarlar”ni tarqatishni taklif qildi. Shunday bo’lgan taqdirda harakat yashirin faoliyat olib borishga majbur bo’ladi.

Davlat matbuotiga ko’ra, guruhning 250 a’zosi so’nggi zo’ravonliklarda qo’li bor, deya tergov qilinmoqda.