Qohirada harbiy boshqaruvga qarshi namoyishlar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Misr Ichki ishlar vazirligi yonida xavfsizlik kuchlaridan qochayotgan namoyishchi, Qohira, 4-fevral 2012

Misrda uch kundirki, zo’ravonliklar avj olgan va hukumat ularga qarshi yetarlicha chora ko’rmayotganlikda ayblanmoqda.

Qohirada minglab odam norozilik namoyishlariga chiqqan. Politsiya ularni tinchlantirish uchun ko’zni yoshlantiradigan gaz qo’llagan.

Ichki ishlar vazirligi tosh bo’ron qilingan. Soliq vazirligiga o’t qo'yilgan. Yuzlab odamlar jarohatlangan, ko’chalar vayrona.

Qohira markazidagi "Tahrir" maydonidan tunu kun odam arimaydi, 3-fevral 2012

1-fevral kuni Port Said shahridagi futbol o’yini paytida boshlangan janjalda 74 kishi halok bo’lgan edi. Undan keying zo’ravonliklarda yana o’nlab fuqaro o’lgan.

Hukumat bu voqealarni jinoiy to’dalarning ishi deb ta’riflamoqda. 47 kishi hibsga olingan. Uch kunlik motam e’lon qilingan. Tergov davom etmoqda.

Qohira ko'chalarida, 3-fevral 2012

Lekin harbiy boshqaruvga nisbatan norozilik kun sayin oshib bormoqda.

Qohiraning “Tahrir’ maydonida har kuni minglab odamlar yig’ilib, harbiylar ketib, hokimiyat fuqaro qo’liga o’tsin deya talab qilmoqda.

Aleksandriya shahrida ham shunday namoyishlar. Politsiya bilan to’qnashuvlarda u yerda 400 odam jarohatlangani ma’lum.