Isroilda qora tanli yahudiylar irqchilikdan nolib, namoyish qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Tel-Avivda politsiya namoyishchilarni tarqatmoqda, 3-may, 2015-yil

Isroil Prezidenti Reuven Rivlinning aytishicha, efiopiyalik yahudiylar irqchilik va politsiya qattiqqo'lligiga qarshi namoyish qilib, eski yaralarni ochdi.

"Muammoga yechim topish kerak", - dedi u.

Kecha Tel-Aviv shahrida minglab odamlar ko'chaga chiqib, trassalarni yopib qo'ydi, politsiya bilan olishdi.

"Biz ularning muammolariga yetarlicha e'tibor qaratmadik, ularga quloq solmadik. Biz axir bir-birimizga begonamasmizku. Keyinchalik afsuslanmaylik", - dedi Isroil prezidenti.

Politsiya asli efiopiyalik yahudiy askarni urayotgani tasvirlangan video tarqalib ketgach, uning qavmdoshlari namoyish boshlagan.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bu jamoa yetakchilari bilan uchrashib, ularni tinchlantirishga harakat qildi.

Faollardan biri Solomon Shimonning aytishicha, politsiya irqchilikka qo'l urmoqda.

"Biz tenglikni talab qilyapmiz. Bas, yetar endi. Doim bizni kamsitishadi”, - deydi u.

Netanyaxu politsiya do'pposlagan askar bilan ham uchrashib, voqeadan afsus bildirgan.

Isroilda 135 mingdan ziyod efiopiyalik, qora tanli yahudiy yashaydi. Hukumat ularni 1984 va 1991-yillarda samolyot bilan ko'chirib kelgan. Biroq bu jamoa o'zini kamsitilgan deb his qiladi.