Saylovlar qanday moliyalanishi AQShda bahsli masala

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika siyosiy tizimiga noqonuniy yo’llar bilan xorijdan mablag’ kirib kelmoqda. Bu oqimni to’xtatish uchun siyosiy iroda yo’q, deydi kuzatuvchilar.

Katta miqdordagi xorijiy pullar Amerika siyosiy tizimiga yashirin tarzda kirib kelmoqda.

“Amerika demokratiyasi va o’z-o’zini boshqarish tizimiga hujum bu”, - deydi siyosatshunos Ben Friman.

Prezident Donald Trampning advokati Rudi Julianining ikki sherigi hibsga olindi. Ular rossiyalik biznesmendan amerikalik nomzodlarga kamida bir million dollar mablag’ yo’naltirmoqchi bo’lganlikda ayblanmoqda.

Ayblov Prezident Trampga qarshi Kongress o’tkazayotgan tekshiruv doirasida e’lon qilindi. Tramp o’z foydasini ko’zlab, Ukrainaga bosim o’tkazgani da’vo qilinadi.

Prokurorlarning aytishicha, Lev Parnas va Igor Fruman aynan Ukrainaga bosim o’tkazish masalasida Trampning advokatiga yordam berib turgan.

Bu orada, yana bir amerikalik Saudiya Arabistonidagi badavlat bir odamdan Barak Obamaning qayta saylanishi uchun mablag’ jalb qilganlikda ayblanmoqda.

Faollarning aytishicha, siyosiy harakat qo’mitalari, qisqacha “PAC” deb nomlangan guruhlarga qonuniy, ammo yashirin pul berish to’xtatilishi lozim.

Masalan, AQSh Qurol uyushmasi o’tgan yili Rossiyadan pul olganini tan oldi, lekin uni saylov uchun ishlatmadik, demoqda.

“Saylov uchun pul berish qanchalik pinhona bo’lsa, AQSh siyosatida mas’uliyat va javobgarlik ham shuncha kamayadi, xorijdan turib saylov natijasiga ta’sir qilish imkoniyatlari ko’payadi”, - deydi Ben Friman.

Lekin ayrimlar nazarida, siyosiy jihatdan faol guruhlarga kimlar donorlik qilayotganini oshkor qilish yaxshi fikr emas.

“Odamlar qaysidir guruhga pul bergani uchun ishdan haydalgan yoki kompaniyalar bosim ostida xizmatchisini ishdan olgan hollar bo’lgan. Hatto donorlarga hujum qilishgan”, - deydi huquqshunos Bred Smit.

AQSh Oliy sudining 2010-yildagi qarori korporatsiyalarga saylovga xohlagancha pul sarflash huquqini bergan edi. Bu hamon bahsli masala.

Ammo xorijdan noqonuniy ravishda Amerikadagi saylovlarga mablag’ yo’naltirishni cheklash kerakligi masalasida ko’pchilik hamfikr.