Amerikada prezident uchun berilgan ovozlar qanday taqsimlanadi?

  • Amerika Ovozi

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida xalq prezidentga mamlakat miqyosida to’g’ridan-to’g’ri ovoz beradi. Amerikada saylov tizimi keskin farq qiladi.

Saylov natijasi har bir shtat va poytaxt Vashingtonda o’tkazilgan saylovlar natijalariga qarab belgilanadi. Har bir shtat g’olibi o’sha shtatdan Kongressda qancha vakil bo’lsa, o’shancha ovoz oladi va bu ovozlar qo’shib hisoblanadi. Birinchi bo’lib 270 ovoz yoki deylik, ochko to’plagan nomzod g’alaba qozonadi.

Masalan, kichik Montana shtatida eng ko’p ovoz to’plagan nomzod 3 ta ovoz yoki 3 ochko oladi. Bu shtatdan Kongressda 3 ta vakil bor. Kongress deganda Vakillar Palatasi va Senat nazarda tutiladi. Eng katta shtat Kaliforniyada g’alaba qozongan nomzod esa 55 ovoz yoki ochko to’playdi.

Agar hech bir nomzod saylov hay’atining 270 ovozini qo’lga kiritolmasa, u holda prezidentlik taqdiri yangi saylangan Kongressning Vakillar palatasida hal bo’ladi. Har bir shtatning quyi palatadagi vakillik delegatsiyasi bittadan ovoz beradi. Senat bu holda vitse-prezidentni saylaydi.

Yangi saylangan Kongress 3-yanvar kuni qasamyod keltiradi.