Erdog'an AQShda islomiy markaz ochilishida qatnashdi

  • Amerika Ovozi

"Diyonat" islom markazi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQShga safari chog’ida Merilend shtatida Turkiya puliga qurilgan islomiy markazning ochilish marosimida qatnashdi.

Tadbirda so’zlagan Erdog’an AQShdagi saylov kampaniyasida musulmonlarga qarshi kayfiyat va izohlarni tanqid qildi.

Respublikachi nomzod Donald Tramp musulmonlarni Amerikaga kiritmaslik kerak degan edi, uning partiyadosh raqibi Ted Kruz esa mamlakat bo’ylab musulmon mahallalarda politsiya patrulini oshirishni taklif etdi.

Erdog’an bu arboblarning ismlarini tilga olmagan holda musulmonlarga nisbatan bag’ritorlik va islomofobiyani qoraladi.

“G’arbdagi terror xurujlarida barcha musulmonlarni birday ayblash noto’g’ri”, - dedi u.

Musulmon mamlakatlarining o’zida Bryussel va Parijdagidan qattiqroq xurujlar sodir etilmoqda, dedi Erdog’an Turkiya va Pokistonni misol tariqasida keltirib.

Uning aytishicha, butun dunyo musulmonlari terror xurujlari uchun javobgar emas va ularni mas’ul tutish noto’g’ri.

Turkiya rahbari Vashingtonda Yadroviy xavfsizlik sammitida ishtirok etib, Prezident Barak Obama va Vitse-prezident Jo Bayden bilan muloqot qildi.

“Diyonat” islom markazi Merilendning Lanxem shahrida joylashgan. Qiymati 110 million dollarga teng bu inshoot Usmoniylar davri me’morchiligi uslubida qurilgan. Unda masjid, majlislar zali, kutubxona, yotoqxona va turk hammomi bor.