Kipr Yevropa Ittifoqining Belarus rasmiylariga qarshi sanksiyalariga veto qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Yevropa Ittifoqi a'zolarini sanksiyalarni tezlashtirishga chaqirmoqda

Bugun Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Belarusda ovozlarni soxtalashtirishga qo’l urgan hamda namoyishchilarga qarshi zulmga mas’ul rasmiylarga qarshi sanksiyalarga kelisha olmadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 21-sentabr, 2020-yil

Tashkilotga a'zo Kipr sanksiyalarga veto qo'ydi. Turkiya bilan O’rta dengizda hudud talashayotgan bu orol davlat ittifoqning Anqaraga nisbatan qattiq chora ko’rmaganidan norozi. Kipr Belarusga qarshi sanksiyalarga e'tirozi yo'qligini bildirarkan, ittifoqdan Turkiyani ham birday jazolashni so'ramoqda.

Belarusda 9-avgust kuni o'tgan saylovda qatnashib, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra 10 foiz ovoz to’plagan muxolifat rahbari Svetlana Tixanovskaya Bryusselda Yevropa Ittifoqi vazirlari bilan ko'rishib, sanksiyalarni tezlashtirishga undadi.

“Sanksiyalar kurashimizga yordam beradi, hukumatni biz bilan muloqot boshlashga undovchi bosimning bir turidir”, - dedi saylovdan so’ng Litvaga qochishga majbur bo’lgan faol.

Ittifoq Belarusning 40 ga yaqin rasmiysini qora ro’yxatga kiritishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni Belarus poytaxti Minskda 100 mingdan ortiq odam ko’chaga chiqib, Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyish qildi. Saylov natijasidan norozi xalq uning hokimiyatdan ketishini talab qilmoqda.

Ko’chalardan milliy bayroq ko’tarib o’tgan namoyishchilarning ba’zilarini xavsizlik kuchlari chetga tortib, mashinalarga soldi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, saylovdan beri minglab odam hibsga olingan, hibsxonalarda kaltaklash, qiynoqqa solish hollari qayd etilgani aytilmoqda.

Xavfsizlik kuchlari ko’chada yuzini niqob yoki qalqon bilan to’sib yuribdi. Ayrim hollarda namoyishchilar ularning niqobini yuzidan olib tashlamoqda.

Bu o’rtada namoyishchilarga xayrixoh anonim xakerlar mingga yaqin militsionerga doir xususiy ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligi kompyuter tizimidan o’g’irlab telegram ilovasi orqali tarqatgan. Hukumat xakerlar iziga tushgan.